Sayt test rejimida ishlamoqda

Rasmiy munosabat

news-detail

2022-yil 9-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi “Qo‘ng‘irtog‘” MFY Kamandi qishlog‘ida mudhish hodisa sodir bo‘lib, natijada oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi 2,5 yoshli Turdiniyozov Afruzbek vafot etdi.

Voqea xabari yetib kelishi bilanoq, Maktabgacha ta’lim vazirligi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida kompleks tekshiruvni boshladi. Tekshiruvda quyidagilar aniqlandi:

Turdiniyozov Afruzbek Bobur o‘g‘li 2020-yil 22-martda tug‘ilgan bo‘lib, 2022-yil 8-sentyabrdan norasmiy ravishda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashni boshlagan, ya’ni baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kun bolaning ushbu bog‘chaga bor-yo‘g‘i ikkinchi qatnovi bo‘lgan. Oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti temir yo‘ldan 259 metr uzoqlikda joylashgan.

2022-yil 9-sentyabr kuni soat 15:00 atrofida Turdiniyozov Afruzbek maktabgacha ta’lim tashkiloti hududidan yugurib chiqib, temir yo‘l tomon, o‘z uyi tarafga yo‘l olgan. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi bolaning yo‘qligini payqashgandan so‘ng, Turdiniyozov Afruzbekni qishloqdan qidira boshlashgan.

Turdiniyozov Afruzbek soat 15:33 da jadvalga muvofiq “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdi harakatlanayotgan Qarshi-Maroqand temir yo‘lida edi. Buning natijasida baxtsiz hodisa yuz bergan. Bola olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Ma’lumot uchun: Mazkur tadbirkor davlat xizmatlari markazi tomonidan 02.07.2021 yilda berilgan №1420115-sonli guvohnoma asosida faoliyat yuritadi. Tadbirkor Rahmatova Dilnoza Shavkatovna va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida 27.07.2021 yildagi №16647-0/05-sonli shartnoma tuzilgan. 2021-yil 2-avgustda Davlat xizmatlari markazi tomonidan faoliyat boshlanganligi to‘g‘risida №008606-sonli guvohnoma berilgan. Tashkilot faoliyati talablarga javob berishi to‘g‘risida 07.06.2021 yildagi Koson tumani sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligi xizmatining va 02.07.2021 yildagi Koson tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xulosalari mavjud.

Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagoglari va rahbarining ehtiyotsizligi va loqayd munosabati bolaning o‘limiga sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi yuqoridagi faktlar inobatga olinib, barcha materiallar zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi. Mazkur oilaviy tipdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati to‘xtatildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlil natijalari viloyat va shahar boshqarmalari, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari rahbarlari ishtirokida 2022-yil 12-sentyabrda o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishda ko‘rib chiqilib, uning yakuniga ko‘ra Maktabgacha ta’lim vazirining “O‘zbekiston Respublikasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi 196-son buyrug‘i qabul qilindi.

2022-yil 13-sentyabr kuni viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari rahbarlarining tuman/shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari boshliqlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirokida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan favqulodda yig‘ilishlari o‘tkazildi.

O‘z navbatida, 2022-yil 17-sentyabr kuni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari mudirlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barcha xodimlari (tarbiyachilar, tarbiyachi yordamchilari va boshqa barcha xodimlar, shu jumladan, texnik xodimlar) ga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlashda chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdilar. Maktabgacha ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida shu tartibdagi ishlar muntazam ravishda olib boriladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi hududiy maktabgacha ta’lim boshqarmalari boshliqlari o‘z kasbiy burchlariga loqayd yoki vijdonsiz munosabatda bo‘lganliklari, xizmat vazifalarini zarur darajada bajarmaganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilangan javobgarlikka tortilishlari to‘g‘risida qattiq ogohlantirildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 116-moddasi, 3-qismida:  Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Afruzbekning oila a’zolariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildiradi.

 

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati

Maktabgacha ta'lim vazirligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim vazirligi
Gulistonda Janubiy Koreya tajribasi asosidagi bog’cha quriladi

“Koreya-O‘zbekiston” biznes assotsiatsiyasining (KUBA) koreyalik ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon boshchiligida Sirdaryo viloyatida bo‘lishdi. Xabarga ko‘ra, hamkorlik viloyatda shahar infratuzilmasini rivojlantirish hamda maktabgacha taʼlim sohasida boshlangan muzokaralarni davom ettirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Samimiy va ishchanlik ruhida kechgan muloqot davomida aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Xususan, tez orada Guliston shahrida qator afzalliklarga ega, qiymati 50 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan “Aqlli shahar” barpo etish boshlanadi.Hamkorlik shartlarida “EduLink Global” kompaniyasi tomonidan “Guliston New City” loyihasi doirasida Janubiy Koreya tajribasi asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi ham nazarda tutilgan.Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalarning hudud infratuzilmasi bilan tanishgan.

Maktabgacha ta'lim vazirligi
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy savodxonlik darajasi oshirib borilmoqda

Qo‘qon Universitetida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining tashabbusi bilan "Korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro va milliy huquqiy asoslari" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya ishida Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatidan tashrif buyurgan maktabgacha taʼlim boshqarmasi masʼul xodimlari, bo‘lim boshliqlari va MTTlari direktorlari ishtirok etishdi. Ilmiy-amaliy konferensiyada Maktabgacha taʼlim vazirligi Yuridik boshqarma boshlig‘i Xurshid Buriyevning "Huquqbuzarliklarni oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish va javobgarlik masalalari" mavzusidagi, Maktabgacha taʼlim vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish va kompleans nazoratini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Turdiyevning "Maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, huquqbuzarliklarni oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish va javobgarlik masalalari" mavzusidagi, Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti kafedra mudiri Shuhrat Otaqulovning "Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob axloq qoidalari" mavzusidagi maʼruzalarini tinglandi. Konferensiya yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, faoliyatida duch kelayotgan ayrim masalalar yuzasidan masʼul xodimlardan huquqiy tushunchalar oldi.  

Maktabgacha ta'lim vazirligi
YANGI BOG'CHALAR OCHILISHDA DAVOM ETADI

Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq hamda Shumanay tumanlarida yangi bog'chalar ochildi. Ma'lumot uchun, davlatimiz rahbarining topshirig'i bilan Orolboʼyi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish maqsadida Qoraqalpogʼistonning shimoliy tumanlari bittadan viloyatga biriktirilishi belgilangan. Shunga binoan, Mo'ynoq tumani Toshkent viloyatiga, Shumanay tumani esa Xorazm viloyatiga biriktirilgan edi. Viloyat boshqarmalari faolligi bilan Qoraqalpog'iston Respublikasining chekka tumanlarida ham bog'cha qamrovi oshib bormoqda.  Shuningdek, Sirdaryo, Toshkent, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida ham yangi oilaviy nodavlat hamda davlat MTTlari faoliyati yo'lga qo'yildi.

Вид сайта
Размер шрифта