“Maktabgacha taʼlim sohasining 2017-2021 yillar davomida erishilgan yutuqlari va keyingi istiqbolli rejalari” mavzusidagi xalqaro matbuot anjumani tafsilotlari

news-detail

Joriy yilning 4 avgust kuni Xalqaro Press-klub binosida “Maktabgacha taʼlim sohasining 2017-2021 yillar davomida erishilgan yutuqlari va keyingi istiqbolli rejalari” mavzusidagi xalqaro matbuot anjumani boʼlib oʼtdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligidan masʼullar, sohaga aloqador xorijiy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Mazkur matbuot anjumani xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda maktabgacha taʼlim sohasida 2017-2021 yillar davomida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga kiritilgan innovatsion pedagogik texnologiyalar, qamrovni oshirish yuzasidan olib borilayotgan samarali ishlarning natijalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi. Shuningdek, nodavlat sektorning ulushi, bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlovning maqsadi va natijadorligi hamda hamkorlik doirasida olib borilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Yurtimizda 34,5 mln. aholi istiqomat qilib, shundan 2,8 mln.ni 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Bunda aholining yillik o‘sishi 800 ming bolaga to‘g‘ri kelmoqda.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari quyidagi turlarga bo‘linadi: umumiy tipdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari 3-7 yoshgacha, maxsus taʼlimga ehtiyoji boʼlgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlari 2-7 yoshgacha hamda bepul majburiy bir yillik maktabga tayyorlov esa 6 yosh boʼlgan bolalarni qamrab oladi.
Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017 yilda 708,247 nafar (27,7%), 2018 yilda 932,310 nafar (37,7%), 2019 yilda 1,413,290 nafar (52,3%), 2020 yilda 1,699,566 nafar (60,9%), 2021 yil iyun oyi holatiga 1,760,808 nafar (62,4%) 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Bu esa, foizlar ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib borganini koʼrsatadi. Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini
2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2030 yilga kelib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.
Statistik maʼlumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, mazkur soha rivoji yo‘lida ajratilgan davlat byudjeti xarajatlari yildan-yilga o‘sib borganligini ko‘rish mumkin. Yalpi ichki mahsulotga nisbatan taʼlim xarajatlari ulushidagi davlat byudjeti harajatlari 2017 yil 15,5% ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilga kelib 21,8% ga ortdi.

Аnjuman davomida maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilgandan so‘ng, erishilgan yutuqlar, bartaraf etilgan xato va kamchiliklar hamda istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Bugungi kunda 417 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida, Yangi qurilish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlash investitsiya maqsadli dasturi va Inqirozga qarshi jamg‘arma mablag‘lari doirasida maktabgacha taʼlim tizimida 32 428 ta yangi ish o‘rni yaratildi, jumladan, ular 18 ta yangi MTT lar qurish uchun 2 580 ta ish o‘rni, 131 ta bo‘sh turgan obyektni foydalanishga topshirish uchun 17 270 ta ish o‘rni, mavjud davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruktsiya qilish uchun 12 578 ta ish o‘rni hisobidan yaratildi.
2020 yil oxirida 376 ta obyektda qurilish-montaj ishlari yakunlandi, jumladan 17 ta MTT qurilishi hisobiga 2 460 ta, 122 ta bo‘sh turgan obyekt rekonstruktsiya qilinishi hisobiga 15 895 ta, 237 ta bo‘sh turgan MTTni rekonstruktsiya qilish hisobiga 11 073 ta yangi joylar yaratilgan bo‘lib, umumiy moliyalashtirish hajmi 1 357,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi. 2017-2021 yillar davomida jami 1449 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Maʼlumot o‘rnida, maktabgacha taʼlim sohasida 2017-2021 yillar davomida jami 91 ta huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilinganini keltirish o‘rinli. Mazkur hujjatlar tarkibini Prezident qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va buyruqlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar tashkil qiladi.
Soha qanchalik rivojlangani sari maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini ko‘paytirishga talab ortib bormoqda.
2017 yilda O‘zbekistonda maktabgacha taʼlim tashkilotlari 5211 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib 7104, 2019 yil 13530, 2020 yil 18254, 2021 yil iyun oyi holatiga 19316 tagacha yetgan. Shundan, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 6258 tani (32%), nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari esa 13058 tani tashkil etmoqda. Xususiy sektor turlari bo‘yicha xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 795 tani (6%), davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 1051 tani (8%), oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni esa 11 212 tani (86%) tashkil etmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimining 1-sinfiga keladigan oʼquvchida maktabga tayyorgarlikning ilk poydevori bo‘lishi lozimligi g‘oyasi ilgari surilgan edi. Bu esa o‘z navbatida maktabgacha taʼlim sohasida maktabgacha qamrovning yo‘lga qo‘yilishi hamda unga 6 yoshdagi bolalar jalb etilishi demakdir. Shu asnoda mazkur yo‘nalishga 2018 yilda 250,669 nafar (44,8%), 2019 yilda 436,003 nafar (69,1%), 2020 yilda 507,145 nafar (77,0%), 2021 yil 1-yarim yil yakuniga kelib esa 515,144 nafar bola (77,0%) qamrab olindi. 2025 yilga kelib 744,532 nafar 3-7 yoshdagi bolani qamragan holda, bu ko‘rsatgichni 100% ga yetkazish rejalashtirilgan.

Maktabgacha taʼlim tizimida pedagog-tarbiyachilarning tutgan o‘rni beqiyosdir. Tizimdagi pedagog-tarbiyachilarning oliy maʼlumotli qatlami ortishiga sharoitlar yaratib berilmoqda.
2018 yilda oliy maʼlumotli pedagog-tarbiyachilar soni 23 272 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 34 180 nafarni, 2020 yilda esa 37 000 nafarni, 2021 yilning hozirgi kun holatiga ko‘ra 40 388 nafarni tashkil etmoqda. Bu degani, oxirgi 4 yil ichida 27,6% koʼrsatkich 31,7% ga yetgan.
Jumladan, hududlarda maktabgacha taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha fakultetlar va maxsus sirtqi guruhlari yaratildi. Pedagog va tarbiyachilarning oylik maoshi bosqichma-bosqich ko‘tarilib, 70 foizgacha yetkazildi. Qolaversa, oliy taʼlim tashkilotlariga qabul kvotalari oshirilib, sohaga mutaxassislarni tayyorlaydigan Puchon Universiteti va А.I.Gertsen filiali tashkil etildi. Puchon universitetida jami 1 198 nafar talaba tahsil olib kelmoqda. I.A.Gertsen filialida esa 2021-2022 o‘quv yiliga jami 405 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. Аyniqsa, bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha taʼlim olish muddatining 3 yil etib belgilangani mutaxassislarning tezkor yetishib chiqishiga imkon yaratadi.
Maktabgacha taʼlim tizimida kichik hamda maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish bo‘yicha davlat talablariga muvofiq va xalqaro standartlar asosida “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Maʼlumki, taʼlim jarayonining asosini o‘yin faoliyati tashkil qiladi. Bundan tashqari, bolaga bilim berish bilan birga o‘yin mashg‘ulotlarini o‘tkazish, kommunikativ, ijtimoiy kompetentsiyalar orqali uning shaxsiy fazilatlari rivojlantirib boriladi. Eng asosiysi, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi doirasida har bir maktabgacha taʼlim tashkilotida 5 ta rivojlanish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, pedagog-tarbiyachilar bolajonlarga qurilish va matematika, sanʼat, ilmiy va tabiat, til va nutq, syujetli-rolli o‘yinlar kabi yo‘nalishlarda tahsil berishmoqda.

Maktabgacha taʼlimning muqobil shakliga binoan, 2020 yil 1-bosqichga asosan loyiha doirasida 44 ta olis hududlardagi mahallalarda yashovchi1 536 nafar bolalar maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ularning muassasaga kelib-ketishlarini yengillashtirish maqsadida, 16 ta ISUZU rusumli avtobuslar qatnov uchun qo‘yib berildi. 2021 yildagi 2-bosqichga binoan mazkur raqamlar kengaytirilib, 49 ta ISUZU avtobuslari qatnovga yo‘naltirildi. 98 ta borish qiyin bo‘lgan mahallalarda yashovchi jami 4 700 nafar bolalarning maktabgacha taʼlim tashkilotlariga kelib-ketishlariga imkon yaratildi.
Orol dengizi mintaqasidagi bolalar uchun reabilitatsiya markaziga ega boʼlgan, Markaziy Osiyodagi yagona “Imkon” nomli maktabgacha taʼlim tashkilotining tashkil etilgani bolalarning salomatligi mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Yiliga 3000 nafar bolani o‘zida sig‘diruvchi mazkur muassasada mayda motorika va vizual faoliyat, defektolog, ovoz darslari shuningdek, fizioterapiya, sportzal, jismoniy davolash, musiqiy terapiya, sensorli xonalari, yopiq basseyn mavjud.

Maktabgacha taʼlim vazirligi tegishli sohada Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Polsha va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikni yoʼlga qo‘ygan. Shu kunga qadar Maktabgacha taʼlim vazirligi va xorijiy hamkorlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan 66 ta memorandum va kelishuvlar imzolangan. Shuningdek, UNISEF, UNESCO, KOICА, JICA, TIKA, EXHT, Jahon banki guruhi, Saudiya taraqqiyot fondi, “Россотрудничество” kabi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan birgalikda ish olib bormoqda. Maktabgacha taʼlim sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida 141 mln. АQSh dollari miqdorida xalqaro kelishuvlarga erishilgan. Mazkur sarmoyalar grant, homiylik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostidagi kreditlar ko‘rinishida bo‘lib, jahon banki tomonidan 73.8 mln, АQSh hukumati tomonidan 21.5 mln, Koreya Respublikasi va kompaniyalari tomonidan 18,5 mln, Rossiya (Lukoyl kompaniyasi) 12 mln, Saudiya taraqqiyot fondi tomonidan 10.9 mln va boshqa tashkilotlar tomonidan 4,3 mln АQSh dollarlik kelishuvlarga erishilganini aytish o‘rinli. Bundan tashqari, vazirlik tomonidan nodavlat maktabgacha taʼlim tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, Islom taraqqiyot banki (30 mln.) va Quvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi (20 mln.) bilan umumiy qiymati
50 mln. АQSh dollariga teng bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Qo‘shimcha maʼlumot sifatida aytish joizki, UNESCO tomonidan 2022 yilda Toshkent shahrida ilk yoshdagi bolalarga tarbiya va taʼlim berish bo‘yicha Butunjahon II konferentsiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Hozirgi vaqtda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2020 yilda BMTning UNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi bilan birgalikda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilib 2021 yilda amaliyotga joriy etilmoqda. Shu bilan birga Namangan viloyatining Koson, To‘raqo‘rg‘on, Chust va Norin tumanlari va Xorazm viloyatining Bog‘ot va Qushkupir tumanlarida turli yoshdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi o‘yin guruhlari o‘z faoliyatini boshladi. Dasturni amalga oshirish doirasida turli yosh guruhlarida ishlash bo‘yicha bir qator treninglar o‘tkazildi. Jahon banki bilan birgalikda 2020 yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Bolalarning erta rivojlanishini takomillashtirish” loyihasi doirasida maktabgacha taʼlimning turli xil muqobil shakllarini, jumladan respublikaning chekka hududlarida yashovchi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga eʼtibor qaratgan holda “uyga tashrif” va maxsus taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun “Erta rivojlantirish markazlari”ni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

2019-2020-yillarda Maktabgacha ta’lim vazirligi JSST mutaxassislari bilan birgalikda bolalarni ovqatlantirish standartlari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati hamda ovqat tayyorlash texnologiyasini ko‘rib chiqdi.

Bu tamoyillarning barchasini amaliyotga tatbiq etish va bolalarni sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun taomlar retsepti kitobi ishlab chiqildi, unda biz ota-onalarning xohishlari va bolalar ehtiyojlarini aks ettirishga harakat qildik. Shuni ta’kidlashni istardimki, bolalar uchun yangi ovqatlanish standartlaridagi asosiy o‘zgarishlar bolalar ratsionida tuz va shakar darajasi pasaytiriladi, sabzavot va mevalar miqdorini oshiradi va u bolalar ratsionidagi zararli yog‘larni yo‘q qilishga qaratilgan. Shuningdek, oqsillar, uglevodlar va yog‘larning (shu jumladan, to‘yingan/to‘yinmagan) kaloriya tarkibidagi fiziologik me’yorlari o‘zgartirildi, yodlangan tuz, kletchatka va mikroelementlar kiritildi.
Mazkur kitob ovqatlanishda odatga aylangan qoidalarni inkor etadi, masalan kompot yoki ichimliklar quruq mevalardan tayyorlansa, shakarsiz bo‘lsa ham mazali va hatto foydali bo‘lishi mumkin; qovoq pyuresi bo‘tqaga shirin ta’m berishi yoki desert sifatida berilishi mumkin, salatga tuz solmasdan limon sharbati bilan ajoyib ta’m hosil qilish, lavlagi sharbati, ko‘katlar yoki ismaloq kabi tabiiy bo‘yoqlardan foydalanib rang kiritsa bo‘ladi. Taqdim etilgan taomlar sog‘lom, to‘yimli, o‘ziga tortadigan va hattoki qiziqarlidir.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etishning va ular uchun tayyorlanadigan taomlarning retseptlari turlari o‘rganib chiqildi va me’yorlar, bolalarning oziq moddalar va zarur energiya manbalari, oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral moddalarga ehtiyojlari, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, ularning sifat xarakteristikalari, sifatsiz holda bo‘lishidagi belgilari, ularni tashishga, qabul qilishga, saqlashga, xavfsizligiga, xom mahsulotlarga ularning tarkibiga, markirovkasiga taomnoma tuzishga qo‘yiladigan barcha talablar ishlab chiqildi va ushbu tamoyillarning barchasini amaliyotga tatbiq etish va bolalarni sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun “Bog‘chalar uchun taomlar retsepti” Aqlvoy oshpaz kitobi ishlab chiqildi va
2021 yil 1 iyun kuni taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir so‘ngida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar tegishli mutasaddilardan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Аxborot xizmati.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 414-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan holat yuzasidan RASMIY MUNOSABAT Joriy yilning 27- mart kuni 414-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 4-guruh tarbiyalanuvchisi X. S. ning onasi X. N.  guruh tarbiyachisi tomonidan farzandiga qo‘pollik qilganligi to‘g‘risida murojaat qilgan. Fuqaro murojaatida tarbiyachi I. S. kunduzgi mashg‘ulot vaqtida farzandi yig‘lab baqirganligi uchun bolaga qo‘l ko‘targan, natijada farzandining qo‘lida ko‘kargan barmoq izlari paydo bo‘lganini aytgan va tashkilot rahbaridan 27-martdagi guruhdagi kamera yozuvlarini ochib berishini talab qilgan. Kamera yozuvlaridagi video tasvirlarda bolasini tarbiyachi tomonidan qo‘pollik qilganligini ko‘rib, norozi bo‘lib tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini va DMTT ma’muriyatidan tarbiyachiga nisbatan tegishli chora ko‘rilishini talab qilgan. Shu vaqtning o‘zida tarbiyachi I. S. ota-onalarning oldiga chaqirilib undan izoh talab qilingan. Tarbiyachi bolaga nisbatan o‘ta qo‘pol pedagogga xos bo‘lmagan munosabatda bo‘lganini tan olgan va ota-onadan kechirim so‘ragan. DMTT direktori G.X.S. ota-onalardan kechirim so‘rab, ma’muriyat tomonidan nazorat susayganligini, shu kunga qadar bunday holat hech qachon kuzatilmaganligini ta’kidlab o‘tgan. 2024-yilning 29-mart kuni mazkur noxush holat barcha xodimlar ishtirokida muhokama qilindi va pedagoglar bola hayoti, sog‘lig‘ini muhofaza qilish yuzasidan yana bir bor tanishtirildi. Qaror yig‘ilishiga asosan tarbiyachi S.I. ga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi va 2024-yil 1-apreldan 414-DMTT ning 28-14-206-sonli buyrug‘i bilan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.          Ushbu holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.    Hurmatli tarbiyachi pedagoglar Maktabgacha ta'lim agentligi sizlarni ogohlantiradi!    ‼️Bolajonlarimizga berilayotgan ta'lim tarbiya jarayonlarida sizlarning o'rningiz beqiyosdir, ammo yuqorida keltirilgan kabi holatlar kuzatilishi endi dunyoni taniyotgan bolajonlarning murg'ak dunyosiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bunday holatlar bolalarda turli xil asoratlar berishi, uni qo'rqoq qilib qo'yishi yoki psixikasiga, nutqiy jarayonlariga o'z ta'sirini ko'rsatishi mumkin. Shularni inobatga olgan holda  zimmangizdagi mas'uliyatli vazifani sitqidildan ado etishingizni so'raymiz. Bola huquqlari qonun himoyasida. Bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish,  bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik,bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi "BOLA HUQUQLARINING KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA" gi Qonuni bilan kafolatlangan.  O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 07.01.2008 yildagi O‘RQ-139-son (https://lex.uz/docs/-1297315?ONDATE2=18.05.2022&action=compare)     

Maktabgacha ta'lim agentligi
Jahon banki tanlovga taklif e'lon qiladi

Tanlovga taklif (Xarid ikki konvertli tartib-qoida boʻyicha amalga oshiriladi)   Mamlakat:                 Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha:                      Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish Kontrakt:                  Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun bolalar stol va stullarini hamda tegishli xizmatlarni xarid qilish Kredit raqami:          6418-UZ RFB raqami:             RFBG/2/02/20/3   1.      Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Jahon bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi mablagʻlari hisobidan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun bolalar stol va stullarini hamda tegishli xizmatlarni xarid qilish boʻyicha kontraktlar toʻlovlarini amalga oshirish rejalashtirgan. Mazkur kontrakt boʻyicha toʻlovlar Qarz oluvchi tomonidan, Jahon bankining investitsiya loyihalarini moliyalash uchun toʻlovlar boʻyicha yoʻriqnomasida belgilangandek, bevosita toʻlov yoʻli bilan amalga oshiriladi, kontraktga asosan akkreditiv boʻyicha amalga oshiriladigan toʻlovlar bundan mustasno. 2.      Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligi huquqiy vakolatga ega Xarid ishtirokchilarini yopilgan va muhrlangan oʻz tanlov takliflarini taqdim etishga taklif etadi: 1 lot Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va tegishli xizmatlar uchun 9 216 ta bolalar stoli va 69 120 ta stul sotib olish 1-region (Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari) 2 lot Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va tegishli xizmatlar uchun 6 816 ta bolalar stoli va 51 120 ta stul sotib olish 2-region (Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari) 3 lot Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va tegishli xizmatlar uchun 5 068 ta bolalar stoli va 38 010 ta stul sotib olish 3-region (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)   Ishtirokchilar oʻz takliflarini bitta yoki bir nechta lotga berishlari mumkin va har bir lot alohida koʻrib chiqiladi, baholanadi va har bir lot uchun alohida kontrakt tuziladi. 3.      Tanlov Jahon bankining 2016-yilning iyulida nashr etilgan va 2017-yil noyabrida va 2018-yil avgustida qayta koʻrilgan «IPF Qarz oluvchilari uchun xarid qoidalari»da bayon etilgan xalqaro tanlov xaridlari qonun-qoidalariga (“Xarid qoidalari”) asosan tanlov takliflarini talab qilish (RFB) yoʻli bilan amalga oshiriladi va Xarid qoidalarida belgilanganidek, barcha huquqiy vakolatga ega tanlov ishtirokchilari uchun ochiq. 4.      Huquqiy vakolatga ega boʻlgan manfaatdor tanlov ishtirokchilari qoʻshimcha maʼlumotlarni Tanlov hujjatlari bilan tanishib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi koordinatori Dilshod Gafarovdan ish kunlarida ish vaqtida (Toshkent vaqti bilan 09:00 – 18:00) quyida koʻrsatilgan manzildan olishlari mumkin. 5.      Huquqiy vakolatga ega manfaatdor tanlov ishtirokchilari procurement.ecdp@gmail.com elektron pochtasiga yoki quyida berilgan manzilga yozma murojaatlarini yoʻllab, ingliz tilidagi tanlov hujjatlarining toʻliq toʻplamini bepul olishlari mumkin. Tanlov hujjatlari ishtirokchi tomonidan koʻrsatilgan elektron manzilga yuboriladi. 6.      Tanlov takliflari qoʻyida berilgan manzilga 2024-yilning 21-may kuni soat 15:00dan (Toshkent vaqti bilan) kechikmasdan yetkazib berilishi lozim. Kechikkan tanlov takliflari rad etiladi. Ustiga “ASOSIY TAKLIF” deb qayd etilgan tashqi konvertlar va ustiga “TEXNIK QISM” deb qayd etilgan ichki konvertlarni oshkora ochish tadbiri Ishtirokchilar tomonidan tayinlangan vakillar yoki qatnashish istagini bildirgan boshqa shaxslar ishtirokida 2024-yilning 21-may kuni soat 15:00da (Toshkent vaqti) quyida berilgan manzilda oʻtkaziladi. Ustiga “IKKINCHI KONVERT: MOLIYAVIY QISM” deb qayd etilgan barcha konvertlar ochilmasdan qoladi va ikkinchi oshkora ochish tadbiriga qadar Xaridorning masʼuliyati ostida saqlanadi. 7.      Barcha takliflarga xaridda ishtirok etish takliflarini taʼminlash kafolati ilova qilinishi shart: 1 lot 16,000 AQSH dollari (O’n olti ming AQSH dollari) 2 lot 12,000 AQSH dollari (O’n ikki ming AQSH dollari) 3 lot 10,000 AQSH dollari (O’n ming AQSH dollari)   8.      Eʼtiboringizni Xaridlar toʻgʻrisidagi Nizomga qaratamiz. Unga koʻra Qarz oluvchi Xarid gʻolibining benefitsiar huquqi toʻgʻrisida maʼlumotni “Tanlov hujjatlariga kiritilgan benefitsiar egalik huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumotni oshkor qilish” shaklidan foydalangan holda, Kontrakt berilishi toʻgʻrisidagi xabarning bir qismi sifatida oshkor qilishi talab etiladi. 9.      Yuqorida qayd etilgan manzil: Loyihani amalga oshirish guruhi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligi. Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent sh., 100070, Amir Temur koʻch., 17, 2-qavat, 201-xona. Tel.: +99871 207 04 08 (ichki: 607). El. pochta:   procurement.ecdp@gmail.com Veb-sayt: www.mpe.uz

Maktabgacha ta'lim agentligi
"Maktabgacha ta'lim agentligi faoliyatining ochiqligini ta'minlash hamda tizimda jamoatchilik nazoratini takomillashtirish" mavzusida matbuot anjumani bo'lib o'tdi

O‘tgan davr mobaynida maktabgacha ta’lim tizimi tubdan isloh qilish hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va bolalarni maktabgacha ta’lim bilan yanada kengroq qamrab olinishini ta’minlash yo‘nalishida qator ijobiy natijalarga erishildi.          Jumladan, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 211 tani tashkil etgan bo‘lsa, sohaga nodavlat sektorni keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatda ilk marotaba davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy qilish natijasida 2023-yilga kelib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6,5 barobarga ortib, 33 942 taga yetkazildi. Misol uchun, nodavlat sektorning ulushi 2017-yilda 0,5 foiz (250 ta)ni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning ulushi 80 foiz(28 ming ta)ga yetkazildi. Respublika bo‘yicha 2017-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovi  27 foiz(700 ming nafar)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 2,6 barobarga orttirilib, 74 foiz (2,2 mln. nafar)ga yetkazildi.                                                          Respublikadagi barcha bolalar uchun bir xil boshlang‘ich imkoniyatlarni yaratish yo‘lida har bir bolaning maktabga kirishidan bir yil oldin umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya” to‘g‘risidagi qonun bilan kafolatlandi. Endilikda bolalar maktabga chiqishdan oldin bir yillik majburiy bepul maktabga tayyorlovdan o‘tkazilmoqda. 2023-yil yakuniga kelib qamrab olingan 6 yoshli bolalar ulushi 93 foizga (692 ming nafarga) yetdi.          Maktabgacha ta’lim xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida maktabgacha ta’limning muqobil shakllari yaratildi. Xususan, barcha bolalarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida, 25 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 662 ming nafar bolalar qamrovi ta’minlandi.          Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish imkoni mavjud bo‘lmagan olis va chekka hududlarda “Aqlvoy” loyihasi doirasida 156 ta mahallalarda qayta jihozlangan 72 ta ISUZU avtobuslarda negizida 429 ta mobil guruhlar tashkil etilib, ularga 9,5 ming nafar bolalar qamrab olindi.          YUNISЕF xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan 20 ta “Turli xil yoshdagi maktabgacha ta’lim guruhlari” (o‘yin guruhlari)ga 496 nafar bolalar qamrab olindi.          Jahon bankining “Bolani erta rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazlari”ga jami 1 600 nafar bolalar jalb etildi.          Respublikadagi 3 519 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 535 160 o‘rinli qurilish-ta’mirlash (yangi 513 ta 73 905 o‘rin, rekonstruksiya 2 215 ta qo‘shimcha 104 030 o‘rin yaratilgan va mavjud 231 278 o‘rin ta’mirlangan, mukammal ta’mir 791 ta – 125 946 o‘rin) ishlari amalga oshirilgan.             2023-yilda tizimda qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan:  3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ko‘rsatkich 71,8 foizdan 74,0 foizga va 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrovi 91,0 foizdan 93,0 foizga yetkazildi; ·        4 522 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi; ·        71 ta DXSH asosidagi NMTTlar (7 100 o‘rin) hamda 4 402 ta (116 998 o‘rin) oilaviy shakldagi NMTTlar faoliyatini boshladi; ·        jami 26 890 quvvat (o‘rin)ga ega bo‘lgan 182 ta (53 ta yangi qurilish va 123 ta rekonstruksiya, 2 ta mukammal ta’mirlash) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi.          Maktabgacha ta’lim agentligiga 2023-yil davomida jami 4 492 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2022-yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 1 012 taga yoki 22,5 foizga kamaygan. Agentlikka kelib tushgan murojaatlarning 2 578 tasi (57,3 foiz) ijobiy hal qilingan. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga telefon orqali konsultatsiya berish va murojaatlarni qabul qilishni tashkil etish maqsadida 2023-yil iyul oyida Maktabgacha ta’lim agentligida «Koll markazi» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2023-yil davomida Markazga biriktirilgan telefonlar orqali fuqarolar va tadbirkorlardan kelib tushgan 11 754 ta murojaatlar qabul qilinib, tegishli tartibda javob berilishi ta’minlandi.          2024-yilda 26,3 mingdan ortiq davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat budjetidan  3 038,2 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-404-son qaroriga asosan 2024-yilda jami 176 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari obyektlarini qurish (43 ta obyekt), rekonstruksiya qilish (133 ta obyekt) ishlari amalga oshirilmoqda va mazkur maqsadlar uchun jami 1 020,0 mlrd so‘m mablag‘ajratilgan.          Maktabgacha ta’lim tizimida 2024-yil qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 76,0 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrov darajasini 96 foizga yetkazish asosiy ustuvor vazifalardan hisoblanadi.                        

Вид сайта
Размер шрифта