Sayt test rejimida ishlamoqda

Ongli ota-onalikka bag‘ishlangan oylik

news-detail

Ongli ota-onalikka bag‘ishlangan oylik bolalar yanada sifatli hayot kechirishlari uchun ota-onalarning bilimlarini oshirish va ko‘nikmalarini takomillashtirishga yordam beradi.

Joriy yilning oktyabr oyidan 20 noyabrgacha UNICEF O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlarda ongli ota-onalikka bag‘ishlangan kampaniyani o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bir oy davomida UNICEF, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi mutaxassislari ijtimoiy tarmoqlarida ota-onalarga bolalar to‘laqonli va har tomonlama rivojlanishi uchun qanday qilib eng yaxshi sharoitlarni yaratish haqidagi maslahatlarini beradilar.

Tabiiyki, ota-onalarning aksariyati farzandlari uchun imkon qadar eng yaxshi sharoitlarni yaratishga harakat qiladilar. Shunday bo‘lsada, zamonaviy tarbiyalash usullaridan foydalanishga imkon bermayotgan qator to‘siqlar mavjud.

«Muammolardan biri shundan iboratki, do‘stlar va qarindoshlar yaxshi niyatda, bolalarni oziqlantirishdan boshlab emlashgacha bo‘lgan masalalar bo‘yicha turli xil maslahatlarini berishlari mumkin. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan noto‘g‘ri axborot bolaning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — deydi UNICEFning salomatlik va oziqlanish masalalari bo‘yicha mutaxassisi Fahriddin Nizamov.

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayotining dastlabki 1000 kunida hamda bolaning olti yoshgacha bo‘lgan davrida parvarishlashning noto‘g‘ri usullarini qo‘llash ularning uzoq muddatli jismoniy va kognitiv rivojlanishini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, global COVID-19 pandemiyasi va u bilan bog‘liq karantin cheklovlari ham bolalar rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va buning oqibatlari balog‘at yoshida ham his etilishi mumkin».

Ushbu oyda UNICEF, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekistonning ommaviy axborot vositalari kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilishning samarali usullari va uy sharoitida ushbu usullardan foydalanish yo‘llari to‘g‘risida ota-onalarga so‘zlab beradilar. Ijtimoiy tarmoqlardagi nashrlar bolalarning yoshiga muvofiq bo‘lgan to‘g‘rioziqlanish, jumladan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni faqat ko‘krak suti bilan boqish; bolaga mehr berib g‘amxo‘rlik qilish muhitini yaratish usullari; emlashni rejalashtirish; bolaning rivojlanish bosqichlari; bolalar kasalligidan darak beruvchi belgilar; mas’uliyatli tarbiya va o‘yinlarning bola uchun ahamiyati kabi masalalarga bag‘ishlangan .

Milliy va xalqaro ekspertlar tavsiyalariga muvofiq bolalarni tarbiyalash ahamiyatini tushunish va bu masalada qarorlarni qabul qilishda ko‘maklashish O‘zbekistonning kichik fuqarolari hayotini sifat jihatdan yaxshilashga hamda ular baxtli va to‘laqonli voyaga yetishlari uchun mustahkam poydevor yaratishda yordam beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali butun mamlakat bo‘ylab ota-onalarni jalb qilish

UNICEF, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali ota-onalar va vasiylar bilan muloqot qilishda samarali yondashuvlarni ishlab chiqdilar va bu bilan ular uchun nafaqat dolzarb va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish, balki ota-onalarni tashvishlantiradigan muammolarni taqdim etish va hal qilishga imkon yaratdilar.

Joriy yilning 20 oktyabr kuni ommabop televizion kanallarda ota-onalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuv namoyish etildi. Mazkur ko‘rsatuv doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspertlari bolalarning erta yoshidagi salomatligi va oziqlanishi bo‘yicha ota-onalar tomonidan berilgan savollarga javob berdilar. Maktabgacha ta’lim vazirligining mutaxassislari maktabgacha ta’limning muhim ahamiyatini va ota-onalar o‘z farzandlarining ilk yoshda ta’lim olishini faol qo‘llab-quvvatlashda qanchalik muhim rol o‘ynashlarini yana bir bor ta’kidladilar.

Ushbu teleko‘rsatuvlarga qo‘shimcha ravishda, UNICEF milliy hamkorlar bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlar va televideniye orqali keng targ‘ib qilish uchun 11 ta qulay va tushunarli video mahorat darslarini yaratdilar.

«Ushbu mahorat darslari O‘zbekistonda ko‘p uchraydigan bolalar erta rivojlanishi sohasiga mansub ayrim muammolarni qamrab olgan. Mazkur videoroliklar ota-onalarni maktabgacha ta’limning ahamiyatini yanada teran anglashga undaydi», — deydi UNICEFning erta rivojlanish va maktabgacha ta’lim masalalri bo‘yicha maslahatchisi Vazira Nazarova.

«Maktabgacha ta’lim tashkiloti kun davomida bolalar uchun faqatgina ko‘ngil ochish joyi emas. Bu hayot uchun muhim ijtimoiy va kognitiv rivojlanish, muloqot ko‘nikmalarini orttirish hamda bolaning ijodiy va jismoniy rivojlanishi makonidir. Ota-onalar o‘z farzandlarining jismoniy salomatligi bilan bir qatorda ular uzoq vaqt shaxs sifatida shakllanishini ham albatta kuzatib borishlari lozim»

Ongli ota-onalik oyligining yakunida Bebbo innovasion mobil ilova ishga tushiriladi. O‘zbekistonda bu turdagi birinchi raqamli vosita ota-onalarga bolalarning o‘sishi, rivojlanishi va farovonligini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z vaqtidagi va sifatli tavsiyalarni taqdim etadi. Hali ham davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi cheklovlari sababli ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar bilan bevosita muloqotning iloji bo‘lmagan yoki murakkablashgan davrda bu ayniqsa muhimdir.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
#Aqlvoy_oshpaz QURITILGAN MЕVALAR BILAN GURUCHLI BO‘TQA

TAYYORLASH  TЕXNOLOGIYASI Mayiz yoki bargaklar saralanadi, yuvilib, qaynoq suv bilan chayiladi va 20-30 daqiqa davomida to‘liq shishib chiqqunga qadar suvda qoldiriladi va sovitiladi. Guruchni saralab, avval iliq, keyin issiq suvda yuviladi. Tayyorlangan guruchni qaynab turgan tuzli suvga solib, yarim tayyor bo‘lguncha pishiriladi, ortiqcha suvi to‘kib tashlanadi va me’yordagi qaynatilgan sut qo‘shiladi. Tuz va shakar hamda tayyorlangan mayiz yoki bargak qo‘shiladi va vaqti-vaqti bilan aralashtirib turgan holda quyuqlashguncha qaynatiladi. So‘ngra qozonning qopqog‘i yopilib, taom maromiga yetilib pishgunga qadar past olovda ushlab turiladi. Tarqatilishidan oldin sariyog‘ qo‘shiladi. Taom likopchada tortiladi. Bo‘tqaning tarqatishdagi maqbul harorati +50°C. SIFATIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR  Tashqi ko‘rinishi: yorma donalari to‘lishib pishgan, yaxshi qaynatilgan. Rangi: mayiz yoki bargak bilan aralashtirilgan och qaymoqrang yoki kulrang – oq rangda. Ta’m va hidi: mayiz yoki bargak bilan birga qaynatilgan guruchga xos. Tarkibi: bir xil, yopishqoq, donlari yumshoq. Bir bolaga mo‘ljallangan tayyor taom vazni:1-3 yoshga 150 gr, 3-7 yoshga 180 gr.ni tashkil etadi.  MASALLIQLAR  Mahsulotlar va yarim tayyor mahsulotlar nomi 1-3 yoshga / 3-7 yoshga  Guruch 22,5/27 Suv 56/68 Sut 56/68 Mayiz yoki bargak 7,5/99 Sariyog‘ 3,8/4,5 Shakar 3,8/4,5 Tuz 0,8/0,9

Maktabgacha ta'lim agentligi
#Ustozlar_ardoqda

Ayni kunlarda 1-oktabr "O'qituvchi va murabbiylar" kuni munosabati bilan hududlarda tadbirlar bo'lib o'tmoqda.  Xuddi shunday tadbirlardan biri Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi 16-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida bo'lib o'tdi. 1-oktabr "O'qituvchi va murabbiylar" kuni munosabati bilan Termiz davlat pedagogika instituti, Maktabgacha ta'lim  fakulteti hamda Termiz shahar 16-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti hamkorligida "Muallim-qalb me'mori" mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda bolajonlar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi va yig'ilganlarga xushkayfiyat bag'ishladi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Respublikadagi 100 ta davlat MTTlarining taʼlim-tarbiya jarayonidagi sifati baholanadi

Ayni kunlarda Toshkent shahrida Maktabgacha ta’lim agentligi hamda Jahon banki bilan hamkorlikda erta yoshdagi bolalarning taʼlim sifati va natijalarini baholash boʻyicha xalqaro MELQO (measuring early learning quality outcomes) baholash tizimi asosida joriy etilgan “Bolalarni erta yoshdan rivojlanishi va maktabgacha taʼlim sifatini baholash tizimi” orqali respublikaning 100 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayoni sifatini baholash hamda ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha trenerlarni tayyorlashga qaratilgan seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda. Seminar-treningda xorijiy trenerlar o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etishmoqda. Seminar-trening yakunlangach ishtirokchilar joriy yilning oktabr oyida maʼlumot yigʻish uchun hududlarga xizmat safariga yuborilib, olingan bilimlarning amaliyotga qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda.

Вид сайта
Размер шрифта