MAKTABGACHA TAʼLIM SOHASIDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN TADBIRKORLAR DIQQATIGA!

news-detail

So‘ngi kunlarda ayrim davlat-xususiy sheriklik asosidagi, shu jumladan oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari (nodavlat MTTlar) tomonidan subsidiya to‘lovlari to‘xtatilganligidan norozi bo‘lib, Maktabgacha taʼlim agentligi va boshqa davlat idoralariga murojaat qilinmoqda.

Ushbu muammoning ildizi nimada?

Gap shundaki, ko‘plab nodavlat MTTlar tomonidan g‘arazli maqsadlar bilan subsidiya hajmini sunʼiy ravishda oshirib, Davlat byudjetidan noqonuniy pul mablag‘larini olish maqsadida tarbiyalanuvchilar va xodimlarning davomati to‘g‘risida soхta maʼlumotlarni Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi (NMTTBAT)ga yubormoqda hamda qonunchilikka xilof ravishda ushbu soхta maʼlumotlar asosida subsidiya to‘lanishini talab qilmoqda.

Hammalaringizga maʼlumki, davomat to‘g‘risida maʼlumotlar tegishli nodavlat MTT joylashgan hududdan (shahar yoki tumandan) jo‘natiladi. Biroq, ko‘plab holatlarda bir hududda joylashgan nodavlat MTTlarning maʼlumotlari boshqa hududlardan NMTTBATga jo‘natilmoqda.

Misol uchun, faqatgina 2023 yil 25-29 dekabr kunlari maxsus dasturiy yoki apparat vositalaridan foydalangan holda:

1. Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidan turib, kompyuter orqali respublikaning barcha hududlarida joylashgan yuzlab nodavlat MTTlar nomidan 5 kun ichida 5 300 marotaba NMTTBATga soxta davomat maʼlumotlari yuborilgan. Shu jumladan:

Farg‘ona viloyati (jami 1 306 marotaba) Rishton tumanida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 122 marotaba, Quva tumani bo‘yicha 112 marotaba, Marg‘ilon shaxri bo‘yicha 111 marotaba, O‘zbekiston tumani bo‘yicha 105 marotaba, Qo‘shtepa va Oltiariq tumani bo‘yicha 101 marotaba, Bog‘dod tumani bo‘yicha 100 marotaba, Qo‘qon shaxri bo‘yicha 96 marotaba, Toshloq tumani bo‘yicha 87 marotaba, Dang‘ara tumani bo‘yicha 81 marotaba (boshqa tumanlar bo‘yicha ham mavjud);

Qashqadaryo viloyati (jami 1 072 marotaba) Chiroqchi tumanida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 154 marotaba, Yakkabog‘ tumani bo‘yicha 132 marotaba, Qarshi tumani bo‘yicha 113 marotaba, Shahrisabz shaxri bo‘yicha 96 marotaba, Shahrisabz tumani bo‘yicha 94 marotaba, Dehqonobod tumani bo‘yicha 64 marotaba, G‘uzor tumani bo‘yicha 63 marotaba (boshqa tumanlar bo‘yicha ham mavjud);

Andijon viloyati (jami 706 marotaba) Andijon tumanida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 86 marotaba, Andijon shaxri bo‘yicha 60 marotaba, Asaka tumani bo‘yicha 83 marotaba, Oltiko‘l tumani bo‘yicha 67 marotaba, Shahrixon tumani bo‘yicha 62 marotaba, Baliqchi tumani bo‘yicha 57 marotaba (boshqa tumanlarda ham mavjud);

Surxondaryo viloyati (jami 476 marotaba) Sho‘rchi tumanida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 100 marotaba, Qo‘mqo‘rg‘on tumani bo‘yicha 90 marotaba, Denov tumani bo‘yicha 77 marotaba, Saraosiyo tumani bo‘yicha 69 marotaba (boshqa tumanlarda ham mavjud) soxta davomat maʼlumotlari yuborilgan.

Kosonsoy tumanida turib, respublikaning qolgan barcha hududlaridagi nodavlat MTTlar uchun soxta davomatni NMTTBATga yuborish holatlari ham aniqlandi.

2. Samarqand viloyatida turib, kompyuter orqali 8 ta hududlardagi nodavlat MTTlar nomidan 5 kun ichida 3 464 marotaba NMTTBATga soxta davomat maʼlumotlari yuborilgan. Shu jumladan:

Xorazm viloyati (jami 568 marotaba) Hazorasp tumanida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 92 marotaba, Urganch tumani bo‘yicha 71 marotaba, Shovot tumani bo‘yicha 62 marotaba, Gurlan tumani bo‘yicha 57 marotaba, Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha 47 marotaba (boshqa tumanlar bo‘yicha ham mavjud);

Qashqadaryo viloyati (jami 556 marotaba) Yakkabog‘ tumanida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 81 marotaba, Qarshi shaxri bo‘yicha 75 marotaba, Shahrisabz shaxri bo‘yicha 63 marotaba (boshqa tumanlar bo‘yicha ham mavjud);

Buxoro viloyati (jami 532 marotaba) G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarida joylashgan nodavlat MTTlar uchun 86 marotabadan, Peshku tumani bo‘yicha 75 marotaba, Romitan tumani bo‘yicha 51 marotaba, Jondor tumani bo‘yicha 45 marotaba, Kogon tumani bo‘yicha 49 marotaba (boshqa tumanlar bo‘yicha ham mavjud);

Bunday soxtakorlik ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida (jami 1 262 marotaba), Qashqadaryo viloyatining Qarshi shaxrida (jami 1 106 marotaba) hamda boshqa xududlarda turib, kompyuter uskunalari orqali amalga oshirilayotganligi aniqlandi.

Ushbu holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar, aybdorlarga qonuniy choralar ko‘rish uchun, tegishli huquqni muxofaza qilish organlariga taqdim etilib borilmoqda.

HURMATLI TADBIRKORLAR !

Pul evaziga tarbiyalanuvchilar va xodimlar davomati to‘g‘risida soxtalashtirilgan yolg‘on axborotni NMTTBATga kiritishni vaʼda qiluvchi shaxslarga ISHONMANG !!!.

ESLATIB O‘TAMIZKI, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksining 2784-moddasiga asosan “Kompyuter tizimiga bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, bila turib yolg‘on axborotni kiritish sodir etilgan bo‘lsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.”.

SOXTA MAʼLUMOTLAR ALBATTA FOSH BO‘LISHI VA JAZO MUQARRARLIGI TAʼMINLANISHINI UNUTMANG.

 

Maktabgacha taʼlim agentligi

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
TILDA, FIKRDA, ISHDA BIRLIK

Muhtaram Prezidentimiz jaddid bobolarimizning ushbu g‘oyasini doimiy shiorimiz bo‘lib qolishi zarurligini ta’kidlagan edilar.  Darhaqiqat, qayerdaki til, fikr, ish birligi bo‘lsa, ya’nikim hamjihatlik bor joyda olg‘a siljish, rivojlanish bo‘ladi.    Bugun Yangi O‘zbekiston oldida turgan eng dolzarb vazifa – yosh avlod kamoloti yo‘lida qayg‘urish, pirovardida esa, mamlakat kelajagini yuksak darajalarda rivojlantirishdan iborat. Hech shubha yo‘qki, yoshlarni munosib vorislar etib tarbiyalashning eng maqbul yo‘li, bu – ma’naviyat, bu – ma’rifat yo‘lidir!   To‘raqo‘rg‘on tumanining “Yakkatom” mahallasida joylashgan 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan “Ma’naviyat fidoiylari” shiori ostidagi tadbir ana shu yuksak maqsadlar ro‘yobi yo‘lida tashkil etildi.    Aytish joizki, mazkur mahalla tuman hokimi sektori hisoblanadi. Umuman olganda esa, hokim sektori hududida 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bor.       O‘tkazilgan tadbirga ana shu tashkilotlarning direktorlari, metodistlari taklif etildi. Unda so‘zga chiqqan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sho‘ba rahari Muhabbat Karimovaga ko‘ra:    – Biz maktabgacha ta’lim yoshidagi farzandalarimizni, ayniqsa, tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarini maktabga sifatli tayyorlay olyapmizmi? Ularga qanday ta’lim, qanday tarbiya beryapmiz? Zamon bilan hamnafas qadam tashlayapmizmi? Farzandlarimizdagi tug‘ma qobiliyatlarni o‘stirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Ularni yaqin va uzoq tariximiz bilan kengroq tanishtirish, ulug‘ siymolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni farzandlarimizga ko‘proq singdirish uchun tarbiyachilarimizning o‘zlari qanday bilim va salohiyatga ega bo‘lishi lozim. Bugungi tadbir orqali shu kabi savollarga javob topish bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, – deydi u.  Shubha yo‘qki, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim ham son, ham sifat jihatdan o‘zgardi. Buning birgina misoli – mazkur tashkilot. Uning mana bu muhtasham binosi 2022-yilda davlat-investitsiya dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan edi. Endilikda bu yerda 6 ta guruh kesimida qamrab olingan 140 nafar 3 – 7 yoshli bola, zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 11 nafar pedagog ta’limning “Ilk qadam” bosqichi sabog‘ini bermoqda.  Darhaqiqat, mazkur tadbirda o‘zbek xalqining buyuk siymolari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirildi. Ular ijodidan she’r va qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, tashkilotlarning musiqa rahbarlari hamjihatligida taqdim etilgan ma’naviy-ma’rifiy, ko‘rgazmali va badiiy chiqishlar, ular tomonidan xalq ertaklari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ko‘pchilikda juda katta taassurot qoldirdi.  Eng muhimi, tadbir davomida yosh iqtidorlar kashf etildi. Masalan, ushbu ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Otabek Abdulhamidov yaqinda 6 yoshga to‘ladi. U hali bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay shahmat donalari ustida kattalar bilan ham bemalol bellasha olishini amalda ko‘rsatib berdi.     Tadbir davomida yana bir iqtidor egasi – Dildora Yo‘ldashaliyeva ijro etgan raqslar barchani lol qoldirdi. U ayni paytda hokim sektori hududida joylashgan 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “G‘unchaoy” nomli tayyorlov guruhida tarbiyalanar ekan. Eng qizig‘i, endigina 6 yoshni qarshilayotgan bu qizaloq tumanning “Mozorko‘hna”  mahallasida yashovchi tadbirkor oilada tavallud topganiga qaramay, uning beg‘ubor qalbida halitdan san’atga bo‘lgan oshnolik, mehr va ishtiyoq barchani lol qoldirdi. Boz ustiga, oftobday charaqlab turgan bu qizchaning guruhdosh o‘rtoqlari Mushtariy Jo‘raboyeva, Ziyoda Solijonova, Mubina Ibrohimova, Zilola Ma’rufjonovalar ham raqs bobida ilk qadamlarini Dildora bilan yelkadoshlikda tashlashmoqda.  Tadbir davomida o‘tkazilgan ochiq mashg‘ulot va shuningdek, musiqiy rahbarlar jo‘rligidagi jonli konsert ishtirokchilar davrasiga ko‘tarinki zavq va shukuh baxsh etdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligida sohada pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish to‘g‘risida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘quv-amaliy seminarda Agentlik tasarrufidagi 2 ta oliy ta’lim muassasalari Toshkent shahridagi Puchon universiteti va A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahri filiali, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda 91 ta pedagogika kollejlari rahbarlari ishtirok etishdi. 2 ta bosqichda o‘tkazilgan mazkur seminarda dastlab davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bu borada maktabgacha ta’lim sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirishda bajarilishi kerak bo‘lgan birinchi galdagi vazifalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari - Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Shin Agrippina Vasilevna amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga toʻxtaldi. Jumladan, bugungi kunda agentlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida 2 640 nafar talabalar, pedagogika kollejlarida 8 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 44 522 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ularda ta’lim sifati holati moddiy-texnik bazadan samarali foylanish, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olib zamonaviy ta’lim va innovatsion texnologiyalar talablari asosida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda maktabagacha ta’lim sohasida o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlayotgan pedagogika kollejlari faoliyatini rivojlantirishda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar hamda ularni yangi bosqichga olib chiqish muhim qadam ekanligi aytib o‘tildi.    Shundan keyin, pedagogika kollejlarida 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi tahlil qilindi. Toshkent shahridagi Puchon universiteti va A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahri filiali, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hisobotlari eshitildi.  Kunning ikkinchi yarmida, o‘quv seminar doirasida Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida pedagogika kollejlari direktorlari uchun ta’lim jarayonini tashkil etishdagi o‘zini oqlab kelayotgan an’anaviy hamda zamonaviy tendensiyalarga alohida e’tibor qaratish bu borada lozim bo‘lgan asosiy vazifalar bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish uchun innovatsion laboratoriya faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, o‘quv-amaliy seminar davomida pedagogika kollejlarini faoliyati samaradorligi bo‘yicha toifalarga kirish ehtimollari ko‘rib chiqildi hamda direktorlarga bu borada qisqa kirish seminar o‘tkazildi. O‘quv-amaliy seminar yakunida muammolar o‘rganildi, fikr-mulohazalar, takliflar eshitildi.              

Maktabgacha ta'lim agentligi
Press-tur

PRESS-TUR Ma’lumot uchun : 2024-yilda Samarqand viloyatida DMTT (davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari) soni 759 taga, Nodavlat MTTlar soni 61 taga, DXSH (davlat xususiy sherikchilik) asosidagi MTTlar soni 135 taga, oilaviy MTTlar 3 262 taga ko‘payib, jami MTTlar soni 4 217 taga yetkazilgan. Ularda 356 760 nafar 3-7 yoshli bolalarning 255 777 nafari tarbiyalanmoqda. Natijada qamrov darajasi 69,0 foizga yetkazilgan.  2024-yilda Samarqand viloyatda 3-7 yoshli bolalar qamrovini 69,0 foizdan 72,1 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 268 ta yangi tashkilotlar, shundan 8 ta davlat, 5 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 325 ta oilaviy nodavlat MTTlarni tashkil etish orqali 12 614 nafar bolalarni qamrab olish,   • 10 ta to‘liq kunlik tayyorlov guruhlarini tashkil etish va ularga 250 nafar bolalarni qamrab olish; • 50 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish va ularga 971 nafar 6 yoshli bolalarni qamrab olish; • Homiylik mablag‘lari hisobidan 26 ta bo‘sh guruh xonalarni ta’mirlash hisobiga 580 o‘rinli yangi quvvat yaratish natijada, qo‘shimcha 14 165 nafar 3-7 yoshli bolalarni qamrab olish orqali qamrov darajasini 1 foizga oshirish rejalashtirilgan.  

Вид сайта
Размер шрифта