Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

news-detail

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan.

2024-yil 1-chorak holatiga ko‘ra quyidagi ishlar amalga oshirildi:

MELQO xalqaro  baholash vositasi O‘zbekiston Respublikasi ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirildi;

barcha materiallar raqamlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilindi;

250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tanlab olish mezonlari ishlab chiqildi (shahar, tuman (qishloq) hududlari, 5-6 va 6-7 yoshli guruhlarning mavjudligi, genderlik/o‘g‘il bola va qiz bola);  

Jahon bankining xalqaro ekspertlari ishtirokida tasodifiy tanlov (rondom usulida) har bir hududdan 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olindi;

250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tanlov natijalari quyidagicha amalga oshirildi: shahar hududi –  68 (24%) tuman (qishloq) hududi –  182 (76%);

250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har bir hududdan manzilli ro‘yxati shakllantirildi;

2024-yil 12-mart kuni joylarda ta’lim sifatini baholash jarayonini tashkil qilishda ko‘maklashadigan hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari mas’ul vakillari ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi;

2024-yil 18-20 mart kunlari Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash ishlariga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan DMTT direktorlari, metodistlari va tayyorlov guruh pedagoglari uchun onlayn seminar tashkil etildi;

2024-yilning 25-29 mart kunlari Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 30 nafar trenerlarni ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida 

tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar hamda 25 martdan 2 aprel kuniga qadar Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 60 nafar trenerlarni bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi.

Treningda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 8 nafar, Maktabgacha ta’lim agentligining 10 nafar, ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 30 nafar, bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 60 nafari ishtirok etishdi.

Seminar-treningda Sherri Li Motte – pedagogika fanlar doktori (DSc) Jahon bankining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchi, Djonatan Seydan – Garvard universiteti ta’lim siyosati va dasturlarini baholash bo‘yicha (PhD) o‘z treninglari bilan ishtirok etishdi. Unda tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tashkilot direktori, ota-onalardan so‘rovnomalar olish hamda guruhni kuzatish orqali baholash bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, trening ishtirokchilari seminar-treningda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash va tajriba oshirish maqsadida joriy yilning 29-mart hamda 1-2 aperel kunlari tushlik vaqtiga qadar Chilonzor tumanidagi 24-, 215-, 256-, 261-, 291-, 538-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amaliyot o‘tashdi.

Seminar-treningni tamomlagan ma’lumotlarni yig‘uvchilar (hisobchilar), O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari, Maktabgacha ta’lim agentligining vakillari uchun yakuniy test sinovlari  tashkil etildi va natijalari bo‘yicha xalqaro sertifikatlar topshirildi. Ta’kidlab o‘tish joizki, hududlarda ma’lumot yig‘ish jarayoniga faqat sertifikatlangan mutaxassislar jalb qilinadi.

2024-yil 8-apreldan 3-mayga qadar hududlardagi 250 DMTTlarda ma’lumot yig‘ish jarayoni amalga oshirilishi rejalashtrilgan bo‘lib, reja-grafik ishlab chiqildi va mazkur grafik asosida hozirgi kunda tanlab olingan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida baholash ishlari o‘tkazilmoqda.  

Ma’lumot uchun:

MЕLQO nima? - Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro vosita.

MELQO – mamlakat darajasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan (boshlang‘ich ta’limga o‘tishdan oldin) bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishga mo‘ljallangan vositadir.

MELQO – ko‘plab mamlakatlarda sinovdan o‘tgan va milliy baholash tizimlarini rivojlantirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi.

MELQO – bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) va ta’lim muhiti (MELE) ikki moduldan iborat bo‘lib, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha bolalarning rivojlanishi va ta’lim muhiti haqida to‘liq ma’lumot beradi.

MODЕL moduli bolani bevosita kuzatish va ota-ona (uning o‘rnini bosuvchi shaxs) bilan suhbatlashish orqali erta ta’lim va rivojlanishning darajasini baholaydi.

MELE moduli guruhda ta’lim muhitini kuzatish, pedagog va maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori bilan suhbatlar orqali baholanadi.

MELQO baholash vositalari o‘z modullari (MODEL, MELE)  bilan O‘zbekiston Respublikasi Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishga qo‘yiladigan Davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilingan.  




 

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirishdagi istiqboldagi rejalar, muammolar va yechimlar” mavzusida maktabgacha ta’lim sohasi xodimlari uchun viloyat Forumi o‘tkazildi.

2024-yilning 6-aprel kuni Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tashabbusi bilan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirishdagi istiqboldagi rejalar, muammolar va yechimlar” mavzusida maktabgacha ta’lim sohasi xodimlari uchun viloyat Forumi o‘tkazildi.   Forumda Andijon viloyati Adliya boshqarmasi, Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari hamda Maktabgacha ta’lim agentligining ishchi guruh ishtirok etdilar.     “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirishdagi istiqboldagi rejalar, muammolar va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan Forumda jami 200 nafar, shundan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbarlari, mutaxassislari, Andijon shahardagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari, har bir tumandan 5 nafardan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari qatnashdilar.   O‘tkazilgan Forum jarayonida Maktabgacha ta’lim agentligi ishchi guruhi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish, ularga zarur sharoitlar yaratish va ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, davlat-xususiy sherik asosidani nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, pedagog kadrlar sifatini yaxshilash, ularning malakasini oshirish, maktabgacha ta’limni raqamlashtirish yuzasidan maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jarayondagi mavjud muammolar, kamchiliklar muammolarni keltirib chiquvchi sabablari, ularning yechimlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar va metodik ko‘rsatmalar berildi. Andijon viloyati Adliya boshqarmasi, Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash yuzasidan batafsiz tushunchalar berib o‘tildi. Forum ishtirokchilari tomonidan mavzu yuzasidan Maktabgacha ta’lim Agentligi, Adliya boshqarmasi, Davlat xizmatlari markazi vakillariga savollar berildi. Berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan beliglangan tartibda asoslangan javoblar qaytarildi. Shuningdek, Forum qatnashchilari tomonidan kelgusida maktabgacha ta’lim sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli takliflar berilib, Forum yuqori darajada, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.                         

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 414-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan holat yuzasidan RASMIY MUNOSABAT Joriy yilning 27- mart kuni 414-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 4-guruh tarbiyalanuvchisi X. S. ning onasi X. N.  guruh tarbiyachisi tomonidan farzandiga qo‘pollik qilganligi to‘g‘risida murojaat qilgan. Fuqaro murojaatida tarbiyachi I. S. kunduzgi mashg‘ulot vaqtida farzandi yig‘lab baqirganligi uchun bolaga qo‘l ko‘targan, natijada farzandining qo‘lida ko‘kargan barmoq izlari paydo bo‘lganini aytgan va tashkilot rahbaridan 27-martdagi guruhdagi kamera yozuvlarini ochib berishini talab qilgan. Kamera yozuvlaridagi video tasvirlarda bolasini tarbiyachi tomonidan qo‘pollik qilganligini ko‘rib, norozi bo‘lib tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini va DMTT ma’muriyatidan tarbiyachiga nisbatan tegishli chora ko‘rilishini talab qilgan. Shu vaqtning o‘zida tarbiyachi I. S. ota-onalarning oldiga chaqirilib undan izoh talab qilingan. Tarbiyachi bolaga nisbatan o‘ta qo‘pol pedagogga xos bo‘lmagan munosabatda bo‘lganini tan olgan va ota-onadan kechirim so‘ragan. DMTT direktori G.X.S. ota-onalardan kechirim so‘rab, ma’muriyat tomonidan nazorat susayganligini, shu kunga qadar bunday holat hech qachon kuzatilmaganligini ta’kidlab o‘tgan. 2024-yilning 29-mart kuni mazkur noxush holat barcha xodimlar ishtirokida muhokama qilindi va pedagoglar bola hayoti, sog‘lig‘ini muhofaza qilish yuzasidan yana bir bor tanishtirildi. Qaror yig‘ilishiga asosan tarbiyachi S.I. ga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi va 2024-yil 1-apreldan 414-DMTT ning 28-14-206-sonli buyrug‘i bilan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.          Ushbu holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.    Hurmatli tarbiyachi pedagoglar Maktabgacha ta'lim agentligi sizlarni ogohlantiradi!    ‼️Bolajonlarimizga berilayotgan ta'lim tarbiya jarayonlarida sizlarning o'rningiz beqiyosdir, ammo yuqorida keltirilgan kabi holatlar kuzatilishi endi dunyoni taniyotgan bolajonlarning murg'ak dunyosiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bunday holatlar bolalarda turli xil asoratlar berishi, uni qo'rqoq qilib qo'yishi yoki psixikasiga, nutqiy jarayonlariga o'z ta'sirini ko'rsatishi mumkin. Shularni inobatga olgan holda  zimmangizdagi mas'uliyatli vazifani sitqidildan ado etishingizni so'raymiz. Bola huquqlari qonun himoyasida. Bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish,  bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik,bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi "BOLA HUQUQLARINING KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA" gi Qonuni bilan kafolatlangan.  O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 07.01.2008 yildagi O‘RQ-139-son (https://lex.uz/docs/-1297315?ONDATE2=18.05.2022&action=compare)     

Maktabgacha ta'lim agentligi
Jahon banki tanlovga taklif e'lon qiladi

Tanlovga taklif (Xarid ikki konvertli tartib-qoida boʻyicha amalga oshiriladi)   Mamlakat:                 Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha:                      Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish Kontrakt:                  Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun bolalar stol va stullarini hamda tegishli xizmatlarni xarid qilish Kredit raqami:          6418-UZ RFB raqami:             RFBG/2/02/20/3   1.      Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Jahon bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi mablagʻlari hisobidan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun bolalar stol va stullarini hamda tegishli xizmatlarni xarid qilish boʻyicha kontraktlar toʻlovlarini amalga oshirish rejalashtirgan. Mazkur kontrakt boʻyicha toʻlovlar Qarz oluvchi tomonidan, Jahon bankining investitsiya loyihalarini moliyalash uchun toʻlovlar boʻyicha yoʻriqnomasida belgilangandek, bevosita toʻlov yoʻli bilan amalga oshiriladi, kontraktga asosan akkreditiv boʻyicha amalga oshiriladigan toʻlovlar bundan mustasno. 2.      Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligi huquqiy vakolatga ega Xarid ishtirokchilarini yopilgan va muhrlangan oʻz tanlov takliflarini taqdim etishga taklif etadi: 1 lot Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va tegishli xizmatlar uchun 9 216 ta bolalar stoli va 69 120 ta stul sotib olish 1-region (Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari) 2 lot Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va tegishli xizmatlar uchun 6 816 ta bolalar stoli va 51 120 ta stul sotib olish 2-region (Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari) 3 lot Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va tegishli xizmatlar uchun 5 068 ta bolalar stoli va 38 010 ta stul sotib olish 3-region (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)   Ishtirokchilar oʻz takliflarini bitta yoki bir nechta lotga berishlari mumkin va har bir lot alohida koʻrib chiqiladi, baholanadi va har bir lot uchun alohida kontrakt tuziladi. 3.      Tanlov Jahon bankining 2016-yilning iyulida nashr etilgan va 2017-yil noyabrida va 2018-yil avgustida qayta koʻrilgan «IPF Qarz oluvchilari uchun xarid qoidalari»da bayon etilgan xalqaro tanlov xaridlari qonun-qoidalariga (“Xarid qoidalari”) asosan tanlov takliflarini talab qilish (RFB) yoʻli bilan amalga oshiriladi va Xarid qoidalarida belgilanganidek, barcha huquqiy vakolatga ega tanlov ishtirokchilari uchun ochiq. 4.      Huquqiy vakolatga ega boʻlgan manfaatdor tanlov ishtirokchilari qoʻshimcha maʼlumotlarni Tanlov hujjatlari bilan tanishib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi koordinatori Dilshod Gafarovdan ish kunlarida ish vaqtida (Toshkent vaqti bilan 09:00 – 18:00) quyida koʻrsatilgan manzildan olishlari mumkin. 5.      Huquqiy vakolatga ega manfaatdor tanlov ishtirokchilari procurement.ecdp@gmail.com elektron pochtasiga yoki quyida berilgan manzilga yozma murojaatlarini yoʻllab, ingliz tilidagi tanlov hujjatlarining toʻliq toʻplamini bepul olishlari mumkin. Tanlov hujjatlari ishtirokchi tomonidan koʻrsatilgan elektron manzilga yuboriladi. 6.      Tanlov takliflari qoʻyida berilgan manzilga 2024-yilning 21-may kuni soat 15:00dan (Toshkent vaqti bilan) kechikmasdan yetkazib berilishi lozim. Kechikkan tanlov takliflari rad etiladi. Ustiga “ASOSIY TAKLIF” deb qayd etilgan tashqi konvertlar va ustiga “TEXNIK QISM” deb qayd etilgan ichki konvertlarni oshkora ochish tadbiri Ishtirokchilar tomonidan tayinlangan vakillar yoki qatnashish istagini bildirgan boshqa shaxslar ishtirokida 2024-yilning 21-may kuni soat 15:00da (Toshkent vaqti) quyida berilgan manzilda oʻtkaziladi. Ustiga “IKKINCHI KONVERT: MOLIYAVIY QISM” deb qayd etilgan barcha konvertlar ochilmasdan qoladi va ikkinchi oshkora ochish tadbiriga qadar Xaridorning masʼuliyati ostida saqlanadi. 7.      Barcha takliflarga xaridda ishtirok etish takliflarini taʼminlash kafolati ilova qilinishi shart: 1 lot 16,000 AQSH dollari (O’n olti ming AQSH dollari) 2 lot 12,000 AQSH dollari (O’n ikki ming AQSH dollari) 3 lot 10,000 AQSH dollari (O’n ming AQSH dollari)   8.      Eʼtiboringizni Xaridlar toʻgʻrisidagi Nizomga qaratamiz. Unga koʻra Qarz oluvchi Xarid gʻolibining benefitsiar huquqi toʻgʻrisida maʼlumotni “Tanlov hujjatlariga kiritilgan benefitsiar egalik huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumotni oshkor qilish” shaklidan foydalangan holda, Kontrakt berilishi toʻgʻrisidagi xabarning bir qismi sifatida oshkor qilishi talab etiladi. 9.      Yuqorida qayd etilgan manzil: Loyihani amalga oshirish guruhi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligi. Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent sh., 100070, Amir Temur koʻch., 17, 2-qavat, 201-xona. Tel.: +99871 207 04 08 (ichki: 607). El. pochta:   procurement.ecdp@gmail.com Veb-sayt: www.mpe.uz

Вид сайта
Размер шрифта