Sayt test rejimida ishlamoqda

20-oktabrdan bola parvarishiga doir muhim tavsiyalar taqdim etiladi

news-detail

Bola kasal boʻlmasligi uchun nimalar qilish kerak? Olti oylik goʻdakka qanday qoʻshimcha ovqatlar bersa boʻladi? Bolaning tishlari chiqayotganda nimalarga eʼtibor qaratish zarur? Jajji oʻgʻil-qizlarning qomati toʻgʻri shakllanishi qanday omillarga bogʻliq? Ularga harf tanitishni qachondan boshlagan maʼqul? Farzandlarimizning immunitetini qanday mustahkamlash mumkin?

Har bir ota-ona farzand parvarishida shu kabi minglab savollarga roʻbaroʻ keladi va har biriga toʻgʻri javob topishga harakat qiladi. Ayniqsa, yosh oilalarda bu jarayon bir muncha murakkab kechishi tabiiy.

Bunday vaziyatda koʻpincha kattalarning koʻmagiga suyanishimiz bor gap. Boboyu buvilarimizning koʻrsatma va yoʻl-yoʻriqlari, hayotiy tajribasi biz uchun dasturilamal. Ammo bugungi taraqqiyot asrida farzand tarbiyasiga doir har bir vazifa va yumushni ilmiy asoslangan tavsiyalarga muvofiq bajarish maqsadga muvofiq. Buning tibbiy hamda pedagogik jihatdan maqbul metod va texnologiyalari ham ishlab chiqilgan.

Ertaga — 20-oktyabrdan boshlab ana shunday tavsiya va maʼlumotlar bilan bepul tanishib borishingiz mumkin. Chunki ushbu sanadan eʼtiboran YUNISEF, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi hamkorligida yurtimizda “Ota-onalar oyligi” eʼlon qilinmoqda.

Mazkur qoʻshma loyiha bolalarning ilk rivojlanish davrida ota-onalarga koʻmaklashishni koʻzda tutadi. U kichkintoylar parvarishiga doir ilmiy-amaliy dalillarga asoslangan muhim maʼlumot hamda tavsiyalarni taqdim etishga qaratilgan.

Buning uchun yetakchi mutaxassis va soha ekspertlari bir oy davomida ilk bosqichda bolalarni toʻgʻri parvarishlash hamda ularning sogʻlom rivojlanishini taʼminlashga doir ilgʻor tajribayu maslahatlari bilan oʻrtoqlashadi.

Ana shu materiallar salomatlik, toʻgʻri ovqatlanish, immunitet mustahkamlanishi, bolalarda koʻnikmalarni erta shakllantirish, ragʻbatlantirish, himoya va xavfsizlik qoidalari yuzasidan tavsiyalar, foto va videolavhalarni oʻz ichiga olgan.

YUNISEF, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda boshqa media-maydonlar orqali mavzuga oid qiziqarli hayotiy misollar, maqolalar va mahorat darslari aholiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, oylik doirasida mutaxassislar ota-onalar va bola parvarishi bilan shugʻullanuvchilar savollariga teledasturlar orqali ham javob beradilar.

— Farzandlar hayotining ilk yillarida ular parvarishiga eʼtiborli boʻlish inson kapitali, sogʻlom jamiyat va kelajakni shakllantirishda muhim rol oʻynaydi, — deydi YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Salomatlik, oziqlanish, xavfsizlik va erta taʼlim bilan bogʻliq ilk tadbirlar bolalar rivojlanishining asosidir. Oʻgʻil-qizlarni hayotining dastlabki yillarida ota-onalar va boshqa tarbiyachilar tomonidan toʻgʻri parvarish qilish va qoʻllab-quvvatlash ularning barkamol rivojlanishida hal qiluvchi omillardan biridir. Bu oʻgʻil-qizlarning kelgusi hayotidagi muvaffaqiyatlar uchun ham poydevor boʻladi.

Yana bir yangilik: hozirgi kunda YUNISEF, Sogʻliqni saqlash va Maktabgacha taʼlim vazirliklari ota-onalar hamda bola parvarishlovchilarga moʻljallangan innovatsion dastur — “Bebbo” mobil ilovasini yaratish ustida ish olib bormoqda. 7 yoshgacha boʻlgan kichkintoylarni tarbiyalashda asqatadigan mazkur yoʻriqnoma Oʻzbekistonda 2021-yilning noyabr oyida ishga tushiriladi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi
Axborot xizmati.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
“Yagona mavsumiy taomnoma”ning kuz mavsumiga kiritilgan taomlar ro'yxati bilan tanishing

Hurmatli kuzatuvchilari bugun sizga #Aqlvoy_oshpaz rukni orqali maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun “Yagona mavsumiy taomnoma”ning kuz mavsumiga kiritilgan taomlar ro'yxatini taqdim etamiz. Куз_таомнома.xlsx

Maktabgacha ta'lim agentligi
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2023” kasbiy ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Toshkent shahridagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti binosida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2023” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarni e’lon qilish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov oltita nominatsiya, “Eng yaxshi metodist”, “Eng yaxshi fidokor tarbiyachi”,“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovasion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ma’naviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” bo‘yicha tashkil etildi. Shunga ko‘ra avgust oyi davomida kasbiy ko‘rik-tanlovning tuman (shahar) bosqichi o‘tkazilib, unda jami 9 146 nafar davlat maktabgacha talim tashkilotlarida  faoliyat yuritayotgan  yuqori malakali metodist va tarbiyachilar ishtirok etishib, shundan 912 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanma olishgan edi. Hududiy bosqichdan tanlovning respublika bosqichiga jami 82 nafar ishtirokchi yo‘llanma olishib, g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun o‘zaro bellashishdi. Shundan, 6 ta nominatsiya bo‘yicha 18 nafar ishtirokchi I, II, III o‘rinlarni egallashdi. I, II, III o‘rinlarni egallagan g‘oliblarga Maktabgacha ta’lim agentligining diplom va qimmatbaho sovg‘alari berilib, shu bilan birga: I o‘rinni egallagan ishtirokchilarga 12 mln. so‘m; II o‘rinni egallagan ishtirokchilarga 8 mln. so‘m III o‘rinni egallagan ishtirokchilarga 5 mln. so‘m miqdorida pul mukofotlari taqdim etildi. Shuningdek, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovasion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ma’naviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” nominatsiyalarida I, II, III o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga  davlat granti asosida  oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun yo‘llanma berildi. Tanlovning qolgan ishtirokchilariga Maktabgacha ta’lim agentligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
#Xalqaro_hamkorlik

Kuni-kecha Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya boshqarmasi maslahatchisi janob Xan Vansyan boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasining Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.  Tashrifdan maqsad davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishish, bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, Xitoy elchixonasi tomonidan qo‘shma loyihasi doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotiga taqdim etilgan texnik uskunalardan foydalanish jarayonining bolajonlar uchun muhim jihatlarini kuzatishdan iborat edi. Xitoy tomoni o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini oshirish, innovatsion yechimlar sonini ko‘paytirishni ko‘rib chiqish hamda maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan keyingi dasturlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi. Ma’lumot uchun: 2021-yilda Xitoy elchixonasi va Maktabgacha ta’lim vazirligi (hozirgi Agentlik) hamkorligida “Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini innovatsion uskunalar bilan ta’minlash” loyihasi amalga oshirilgan edi.

Вид сайта
Размер шрифта