Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslar doirasi belgilandi

news-detail

“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–848-son, 16.06.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi

Qonunga muvofiq, quyidagi jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega:

kam ta’minlangan shaxslar, agar ular:

·        fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar;

·        ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar;

·        ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar;

·        jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa;

ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda;

o‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar;

Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaxslar eksterritoriallik prinsipi asosida maxsus vakolatli davlat organiga (Adliya vazirligiga) og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Ariza maxsus vakolatli davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi (Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan hollar va muddatlar bundan mustasno).

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Maxsus vakolatli davlat organining davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi qarori yoki advokat tayinlash to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinganidan keyin tizim advokatni avtomatik ravishda tanlaydi.

Advokatga Hukumat tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda to‘lov amalga oshiriladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar:

       ushbu Qonunda belgilangan tartibda va hollarda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olishga;

        davlat hisobidan yuridik yordam olishni rad etishga;

        o‘zlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi chog‘ida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etilishini talab qilishga;

        maxsus vakolatli davlat organi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

        Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar:

        davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun murojaat qilganda haqqoniy va to‘liq axborot taqdim etishi;

        davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishiga ta’sir etuvchi holatlar to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organini o‘z vaqtida xabardor qilishi;

   davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun o‘zlari yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar taqdim etganligi faktlari tasdiqlangan taqdirda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Slayd - Тарғибот материали.pptx

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligi Jamoatchilik kengashi a’zolari “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga asosan tashkil etilgan ta’limiy-tarbiyaviy faoliyat bilan yaqindan tanishdilar.

Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi Jamoatchilik kengashi a’zolari Mirobod tumanida joylashgan 482-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti misolida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga asosan tashkil etilgan ta’limiy-tarbiyaviy faoliyat bilan yaqindan tanishdilar.  Tadbir ishtirokchilari maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim va tarbiya uyg’unligi ta’minlanganligini guvohi boʻldilar. Tadbir davomida Kengash a’zolari guruhlarda tashkil etilgan “Assalomu alaykum” loyihasi doirasida “Salomlashish odobi”, “Mahorat darsi“ davomida “Zardoʻzlik va kulolchilikdan  ilk saboqlar”,  “Baxtli bolalik” milliy harakatli  oʻyinlar, “Vatanim bayrogʻini baland koʻtaraman” sport estafetasi,  “Kitob – mening eng yaqin doʻstim” kitoblar koʻrgazmasi hamda “Yashil kelajak” gʻoyasi asosida  “Mening birinchi niholim” loyihalari bilan tanishdilar.Ayniqsa, “Kasbim-faxrim” mavzusi doirasida tashkil etilgan “Nonvoy mehnati bilan  tanishish” amaliy faoliyati Kengash a’zolarida oʻzgacha taassurot qoldirdi. Jajji tarbiyalanuvchilarning oʻz qoʻllari bilan kulchalarni yasashi-yu, ular ishtirokida tandirda kulchalarni yopilishi amaliy faoliyat boʻlib koʻrinsada, aslida milliy an’analarimizga tayangan holda tarbiyalanuvchilarda non va uning qadri haqida tushunchalarni hosil qilish, eng asosiysi “non isi”ni his ettirish edi.  Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bunday faoliyatlarni tashkil etish orqali aqlli, odobli, mehnatsevar, bilimli, sog‘lom, e’tiqodli, dili pok, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, vatanparvar, insonparvar, barkamol shaxsni tarbiyalashdir. Bolajonlar tomonidan Kengash a’zolariga ona Vatanni madh etuvchi she'r, kuy va qo'shiqlar taqdim etildi. Tashrif yakunida Kengash aʻzolari tomonidan kelajak avlod ta’lim-tarbiyasi yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, amaliy-metodik yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. 

Maktabgacha ta'lim agentligi
MELQO xalqaro baholash vositasi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini baholash natijalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2024-yil 22-aprel holatiga MA’LUMOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash vositasi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan.          MELQO xalqaro baholash vositasi ikkita moduldan iborat. Birinchi modul – MODEL. Ushbu modul bola rivojlanishi va erta ta’limni o‘yin tarzida suhbat va ota-ona bilan bolaning oilaviy muhitda qanday rivojlanishi bo‘yicha intervyu shaklida o‘tkazilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri baholash orqali amalga oshiriladi. Ikkinchi modul MELE - u direktor, tarbiyachi bilan suhbatlar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotida erta ta’lim muhitining sifatini o‘lchaydi, shuningdek, tarbiyachini guruhdagi bolalar bilan ta’lim-tarbiya jarayoni davomida kuzatadi.           Respublikaning 14 ta hududida 250 ta DMTTda ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha jadvalga muvofiq maktabgacha ta’lim sifatini o‘lchash bosqichi amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 25-mart kunidan 2-aprel kuniga qadar o‘tkazilgan seminar-treninglar doirasida 90 nafar ma’lumotlarni to‘plovchi milliy ekspertlardan 60 nafari imtihon sinovlaridan muvafaqyatli o‘tdi. Ushbu 60 nafar milliy ekspertlar 2024-yil 8-aprel kunidan boshlab ma’lumotlarni to‘plash jarayonini boshlashdi. Milliy ekspertlar tarkibidan 20 ta guruh tashkil etilib, unda 40 nafar milliy ekspert MODEL (bola rivojlanishi va erta ta’limni o‘yin tarzida suhbat va ota-ona bilan bolaning oilaviy muhitda qanday rivojlanishi bo‘yicha intervyu shaklida) va 20 nafari MELE (direktor, tarbiyachi bilan suhbatlar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotida erta ta’lim muhitining sifatini o‘lchaydi) moduli bo‘yicha shakllangan.          250 ta DMTTda ma’lumotlarni to‘plash quyidagi toifalar asosida amalga oshiriladi: har bir DMTTdan 4 nafar ota-ona (1000 nafar ota-ona), 4 nafar bola - (1000 nafar bola), 250 nafar direktor, 250 nafar tarbiyachi. Ma’lumotlar to‘plash planshetlar yordamida maxsus yaratilgan elektron ilovada amalga oshiriladi. Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim Agentligi tomonidan muvofiqlashtirilib, bugungi kunda respublikaning 14 ta hududida maxsus seminar-treninglarni tamomlagan mutaxassislar tomonidan jarayonni texnik jihatdan raqamli ilovaning uzluksiz ishini qo‘llab quvvatlash, ma’lumotlarni to‘plash jarayonini kuzatish ishlari olib borilmoqda. Hududiy boshqarmalar tomonidan milliy ekspertlar tomonidan DMTTlarga to‘sqinliksiz kirish va o‘z ishini tashkil qilishda, shuningdek DMTTlarning geopazitsiyasini ta’minlashda barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.          Milliy ekspertlar tomonidan ma’lumotlarni to‘plash jarayoni belgilangan grafik asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kunda hech qanday muammolar mavjud emas.          2024-yil 22-aprel kuni holatiga belgilangan 250 ta DMTTdan 157 tasida (62,8%), 1000 nafar ota-onadan 628 nafaridan, 1000 nafar boladan 628 nafaridan, 250 DMTT direktorlaridan 157 nafar va 250 nafar tarbiyachidan 157 nafaridan ma’lumotlar bazasi shakllandi. Barcha ma’lumotlar hududlar kesimida ilova qilinadi. Rejadagi ishlar: 1. 2024-yil 5-mayga qadar hududlardagi 93 ta DMTTda tadqiqotni o‘tkazish va ma’lumotlarni to‘plash. 2. 2024-yil 31-may qadar xalqaro ekspertlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar qayta ishlanadi. 3. 2024-yil 31-iyunga qadar 250 DMTTlarda ta’lim sifatini baholash natijalari yuzasidan xalqaro ekspertlaridan dastlabki hisobot olinadi. 4. 2024-yil 30-sentyabr kuniga qadar 250 DMTTlarda ta’lim sifatini baholash natijalari yuzasidan xalqaro ekspertlaridan yakuniy hisobot olish. 5. 2024-yil noyabr oyida maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazish. 6. MELQO xalqaro baholash tizimini maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasi milliy tizimiga integratsiyalash.

Вид сайта
Размер шрифта