Bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash - dolzarb masala

news-detail

Oʻzbekiston respublikasida taʼlim sohasida keng islohotlar amalga oshirilmoqda. Respublikada joriy etilgan taʼlim tizimi, uning turlari va shakllari orqali har bir fuqaroning taʼlim olishdagi konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirib kelinmoqda. Davlatimiz tomonidan ilmiy sohadagi rivojlanishlar keng qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa bu oʻrinda yosh avlodni kichik yoshdan boshlab sogʻlom va har tomonlama yetuk qilib voyaga yetkazish, taʼlim-tarbiya jarayoniga samarali taʼlim-tarbiya shakllarini hamda usullarini joriy etish va shu orqali bolalarni rivojlantirish borasidagi ishlar muhim ahamiyat kasb etadi.

“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston respublikasi qonunining 8 –moddasida:

- Maktabgacha taʼlim va tarbiya bolalarni oʻqitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, maʼnaviy-axloqiy, etik va estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan taʼlim turidir.

- Maktabgacha taʼlim-tarbiya olti yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni boshlangʻich taʼlimga bir yillik tayyorlashni nazarda tutadi - deb koʻrsatilgan.

Maktabgacha taʼlimda bolani har tomonlama rivojlantirish, uning umumiy taʼlimda erishiladigan sezilarli yutuqlariga asos boʻladi. Bolaning erta rivojlanishi uning kelgusida shaxs sifatida shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Boshlangʻich taʼlimga bolalarni majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich oʻtish boʻyicha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 999-sonli qarorini ijro etish doirasida davlat oʻz zimmasiga 6-7 yoshli bolalarning maktabga toʻlovsiz majburiy bir yillik tayyorgarligi boʻyicha majburiyatini oldi. 6-7 yoshli bolalar uchun moʻljallangan majburiy boshlangʻich taʼlimga bir yillik tayyorlash guruhlari, bolalarini toʻliq kunli maktabgacha taʼlim tashkilotiga berish imkoniyatiga ega boʻlmagan yoki muayyan sabablarga koʻra, bolasini maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bermagan ota-onalarning talab-ehtiyojlarini qondirishiga va istisnosiz barcha bolalarning taʼlim olish va rivojlanishga teng imkoniyatga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan.

Davlat tomonidan taʼlimga berilgan eʼtibor va bu sohadagi yuksalishlar ota-onalar tomonidan eʼtirof etilib, farzand taʼlim-tarbiyasiga nisbatan ularni bu boradagi masʼuliyatini kuchaytirmoqda. Ota-onalarimiz tomonidan bolaning ushbu yosh davrida farzandlari tezroq mustaqil oʻqishni va yozishni bilishni istashlari haqida xohish-istaklarni bildiradilar. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, maktabgacha yoshdagi bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash - dolzarb masala.

Olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, bola yosh rivojlanish bosqichlarida uning jismoniy, maʼnaviy, imkoniyatlarini hisobga olmasdan turib, uni intensiv mashgʻulotlar bilan maktab taʼlimiga tayyorlovga oʻrgatish mumkin emas. Bolalarni maktabga tayyorlash uchun maktab taʼlimining shakl va metodlarini qoʻllamaslik kerak. Bolalarning yoshga bogʻliq psixofiziologiyasi, ushbu yoshdagi bolalarning intellektual rivojlanishi uchun maqbul sharoitlar yaratish, maktabgacha taʼlimga oid ish shakllari, didaktik oʻyinlardan, koʻrgazmali-predmetli mashgʻulotlardan, bolalarning amaliy va tasviriy faoliyatining turli shakllaridan keng foydalangan holda tarbiyaviy ishlar usullari qoʻllagan holda amalga oshirilish zarur. Bunday shakllar va usullar yosh bolaning fikrlash va faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga mos keladi, uning bilim faoliyatini ragʻbatlantiradi va intellektual rivojlanishga hissa qoʻshadi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan xalqaro tajribalar hisobga olinib, 6-7 yoshli bolalarni har tomonlama rivojlantirish, ularga taʼlim-tarbiya berish va maktab taʼlimiga tayyorlash maqsadida “Ilm yoʻli” variativ dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dastur 6-7 yoshli bolalar uchun moʻljallangan majburiy boshlangʻich taʼlimga bir yillik tayyorlash guruhlari maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan Davlat talablariga muvofiq, bolaning rivojlanishidagi 5 muhim soha : bolalarning jismoniy rivojlanish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish; ijtimoiy-hissiy rivojlanish; nutq, muloqot, oʻqish va yozish malakalari; bilish jarayonining rivojlanishi; ijodiy rivojlanish sohalarini har tomonlama uygʻun rivojlanishini taʼminlashga moʻljallangan boʻlib, bunda bola taʼlimiy faoliyatning yetakchi ishtirokchisi sifatida namoyon boʻladi. Dastur talablari bolani har tomonlama rivojlantirib, maktab taʼlimiga tayyorlaydi, unda turli xil koʻnikmalarni shakllantirishda xizmat qiladi. Bu yoshda bolani savodxonligi boʻyicha olib boriladigan taʼlimiy jarayonlar bolalarda nutq, muloqot, oʻqish va yozish malakalarini rivojlantirish sohasi va bola rivojlanishining barcha sohalari bilan chambarchas bogʻliq holda amalga oshiriladi. Bolaning soʻz boyligi oshadi, nutqqa nisbatan qiziqish uygʻonadi, unda mazmunli gapirish, boshlangʻich til boʻyicha maʼlumotga ega boʻlish, badiiy adabiyotga muhabbat shakllanadi. Jamoada oʻzini tutish, savollarga javob berish, kattalar bilan muloqotga kirishish va ular oldida soʻzlash, shaxsiy qarorlarini qabul qilish, boshqalarga namuna boʻlish, qiyin vaziyatlarda amaliy yechim topish uchun intilish koʻnikmalari rivojlanadi. Bolada qoʻl barmoqlari mayda motorikasi rivojlantirilib, yozuv malakalari shakllanadi. Ular qogʻozda toʻgʻri chiziqlar, soʻzlar va qisqa gaplarni yozadi, yozuv qatorini aniqlay oladi, qoʻlni uzmasdan nuqta chiziqlarni birlashtirib rasm chizish malakalari shakllanadi.

Bolani bu yosh davrida ogʻzaki nutq asosiy oʻrinni egallaydi. Nutq rang-barang ifodali tovushlar yigʻindisidir. U bolani ertaga maktabda muvaffaqiyatli oʻqishi uchun zamin yaratadi. “Soʻz boyligi - deb taʼkidlagan edi Q.Shodiyeva - bolaga barcha mashgʻulotlarda beriladigan bilimlarni tez va puxta oʻzlashtirib olish va bu bilim, tushunchalarni nutq orqali ifodalash imkonini beradi”. Bola nutqining rivojlanishi bevosita uning lugʻatiga bogʻliq. Albatta shuni taʼkidlash lozimki, bolaning lugʻat boyligi bola dunyoni anglashi orqali ifodalanadi. Bola maʼlumotlarni atrof-muhitni kuzatish, ota-onalar, kattalar, tarbiyachilar, oʻrtoqlari, kitoblar, filmlar, mashgʻulot va oʻyinlar orqali oladi. Bularning barchasida bolaga maʼlumotlar ogʻzaki nutq orqali beriladi. Buning natijasida bolaning lugʻat boyligi oshib borishi, u soʻzlar, ularning maʼnosi, ularni qoʻllab, gaplarni grammatik jihatdan toʻgʻri tuzishni, toʻgʻri tovush talaffuzini amalga oshirishi zarur. Bolaga bu maʼlum qiyinchiliklarni tugʻdiradi. Bu jarayon boladan aqliy faollikni talab etadi. Bunda tarbiyachilar tomonidan bolani nutqini rivojlantirish va uni savodxonligini amalga oshirish boʻyicha tizimli taʼlim-tarbiyaviy ishlar amalga oshirilishi zarur. Bu jarayonlar Ilk qadam oʻquv dasturi va Ilm yoʻli variativ oʻquv dasturi asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida va majburiy tayyorlov guruhlarida nutq oʻstirish mashgʻulotlari, rivojlanish markazlari, sayr, ekskursiyalar orqali mustahkamlanadi. Tarbiyachilar tomonidan bolalarni oʻqish va yozish malakalarini shakllantirish maktabgacha yoshga doir maxsus metodikalar orqali olib boriladi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarda maktab taʼlimiga tayyorlash hamda unda savodxonligini rivojlantirish quyidagi talablarga boʻysunadi.

- bolani rivojlantirishga qaratilgan qulay, doʻstona, xavfsiz muhitni yaratish. Bolalar jamoasida doʻstona munosabatni qadrlash. Bolaga yoʻnaltirilgan taʼlimga yondashuv asosida taʼlim -tarbiya berish, uzoq davom etadigan mashgʻulotlar bilan emas, balki bolada qiziqishni uygʻotadigan, uni hayratlantiradigan oʻyinlardan iborat taʼlimiy jarayonlarni tashkil etish. Oʻyindan asosiy taʼlimiy faoliyat sifatida foydalanish. Didaktik vositalarni keng qoʻllash.

- bolaning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, ularning xotirasi, diqqati, nutqi, tafakkurini inobatga olish. Bolada oʻqishga nisbatan xohish, istak, qiziqish uygʻotish. Kattalar tomonidan bolaga bosim oʻtkazish, uning erishgan natijalaridan qoniqmaganlikni bildirish man etiladi.

- olib boriladigan taʼlim va tarbiyaviy jarayonlar ketma-ketlikda, oddiydan murakkablashib borishi zarur.

- tizimli ravishda bolada kichik yosh davridan boshlab soʻzlarni toʻgʻri talaffuzini rivojlantirish. Tarbiyachi oʻz nutqiga nisbatan talabchan boʻlishi.

- bolalarda oʻz nutqida toʻgʻri talaffuz, qulay grammatik shakllar va xilma-xil gap konstruksiyalaridan va yozishning dastlabki malakalari va vositalaridan foydalana olishga boʻlgan ishonchni hosil qilish.

Umuman xulosa qilib shuni aytishimiz kerakki, bolalarni 6-7 yoshda maktab taʼlimiga tayyorlash, ularda ertaga maktab dasturlarini yaxshi oʻzlashtirishlari, shuningdek ularning intilishlari, qobiliyatlarini namoyon qilishga imkoniyat yaratadi. Bolalarni maktabga tayyorlashda, maktabgacha yoshdagi bolalik inson tafakkuri va umuman inson shaxsini shakllantirish jarayonida alohida rol oʻynaydi, jamiyatimizning ongli avlodini tarbiyalashga xizmat qiladi.

M.X.Tadjiyeva

Toshkent pedagogika kolleji direktori

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
MELQO xalqaro baholash vositasi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini baholash natijalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2024-yil 22-aprel holatiga MA’LUMOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash vositasi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan.          MELQO xalqaro baholash vositasi ikkita moduldan iborat. Birinchi modul – MODEL. Ushbu modul bola rivojlanishi va erta ta’limni o‘yin tarzida suhbat va ota-ona bilan bolaning oilaviy muhitda qanday rivojlanishi bo‘yicha intervyu shaklida o‘tkazilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri baholash orqali amalga oshiriladi. Ikkinchi modul MELE - u direktor, tarbiyachi bilan suhbatlar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotida erta ta’lim muhitining sifatini o‘lchaydi, shuningdek, tarbiyachini guruhdagi bolalar bilan ta’lim-tarbiya jarayoni davomida kuzatadi.           Respublikaning 14 ta hududida 250 ta DMTTda ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha jadvalga muvofiq maktabgacha ta’lim sifatini o‘lchash bosqichi amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 25-mart kunidan 2-aprel kuniga qadar o‘tkazilgan seminar-treninglar doirasida 90 nafar ma’lumotlarni to‘plovchi milliy ekspertlardan 60 nafari imtihon sinovlaridan muvafaqyatli o‘tdi. Ushbu 60 nafar milliy ekspertlar 2024-yil 8-aprel kunidan boshlab ma’lumotlarni to‘plash jarayonini boshlashdi. Milliy ekspertlar tarkibidan 20 ta guruh tashkil etilib, unda 40 nafar milliy ekspert MODEL (bola rivojlanishi va erta ta’limni o‘yin tarzida suhbat va ota-ona bilan bolaning oilaviy muhitda qanday rivojlanishi bo‘yicha intervyu shaklida) va 20 nafari MELE (direktor, tarbiyachi bilan suhbatlar orqali maktabgacha ta’lim tashkilotida erta ta’lim muhitining sifatini o‘lchaydi) moduli bo‘yicha shakllangan.          250 ta DMTTda ma’lumotlarni to‘plash quyidagi toifalar asosida amalga oshiriladi: har bir DMTTdan 4 nafar ota-ona (1000 nafar ota-ona), 4 nafar bola - (1000 nafar bola), 250 nafar direktor, 250 nafar tarbiyachi. Ma’lumotlar to‘plash planshetlar yordamida maxsus yaratilgan elektron ilovada amalga oshiriladi. Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim Agentligi tomonidan muvofiqlashtirilib, bugungi kunda respublikaning 14 ta hududida maxsus seminar-treninglarni tamomlagan mutaxassislar tomonidan jarayonni texnik jihatdan raqamli ilovaning uzluksiz ishini qo‘llab quvvatlash, ma’lumotlarni to‘plash jarayonini kuzatish ishlari olib borilmoqda. Hududiy boshqarmalar tomonidan milliy ekspertlar tomonidan DMTTlarga to‘sqinliksiz kirish va o‘z ishini tashkil qilishda, shuningdek DMTTlarning geopazitsiyasini ta’minlashda barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.          Milliy ekspertlar tomonidan ma’lumotlarni to‘plash jarayoni belgilangan grafik asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kunda hech qanday muammolar mavjud emas.          2024-yil 22-aprel kuni holatiga belgilangan 250 ta DMTTdan 157 tasida (62,8%), 1000 nafar ota-onadan 628 nafaridan, 1000 nafar boladan 628 nafaridan, 250 DMTT direktorlaridan 157 nafar va 250 nafar tarbiyachidan 157 nafaridan ma’lumotlar bazasi shakllandi. Barcha ma’lumotlar hududlar kesimida ilova qilinadi. Rejadagi ishlar: 1. 2024-yil 5-mayga qadar hududlardagi 93 ta DMTTda tadqiqotni o‘tkazish va ma’lumotlarni to‘plash. 2. 2024-yil 31-may qadar xalqaro ekspertlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar qayta ishlanadi. 3. 2024-yil 31-iyunga qadar 250 DMTTlarda ta’lim sifatini baholash natijalari yuzasidan xalqaro ekspertlaridan dastlabki hisobot olinadi. 4. 2024-yil 30-sentyabr kuniga qadar 250 DMTTlarda ta’lim sifatini baholash natijalari yuzasidan xalqaro ekspertlaridan yakuniy hisobot olish. 5. 2024-yil noyabr oyida maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazish. 6. MELQO xalqaro baholash tizimini maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasi milliy tizimiga integratsiyalash.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan. 2024-yil 1-chorak holatiga ko‘ra quyidagi ishlar amalga oshirildi: MELQO xalqaro  baholash vositasi O‘zbekiston Respublikasi ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirildi; barcha materiallar raqamlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilindi; 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tanlab olish mezonlari ishlab chiqildi (shahar, tuman (qishloq) hududlari, 5-6 va 6-7 yoshli guruhlarning mavjudligi, genderlik/o‘g‘il bola va qiz bola);   Jahon bankining xalqaro ekspertlari ishtirokida tasodifiy tanlov (rondom usulida) har bir hududdan 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olindi; 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tanlov natijalari quyidagicha amalga oshirildi: shahar hududi –  68 (24%) tuman (qishloq) hududi –  182 (76%); 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har bir hududdan manzilli ro‘yxati shakllantirildi; 2024-yil 12-mart kuni joylarda ta’lim sifatini baholash jarayonini tashkil qilishda ko‘maklashadigan hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari mas’ul vakillari ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi; 2024-yil 18-20 mart kunlari Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash ishlariga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan DMTT direktorlari, metodistlari va tayyorlov guruh pedagoglari uchun onlayn seminar tashkil etildi; 2024-yilning 25-29 mart kunlari Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 30 nafar trenerlarni ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida  tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar hamda 25 martdan 2 aprel kuniga qadar Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 60 nafar trenerlarni bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi. Treningda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 8 nafar, Maktabgacha ta’lim agentligining 10 nafar, ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 30 nafar, bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 60 nafari ishtirok etishdi. Seminar-treningda Sherri Li Motte – pedagogika fanlar doktori (DSc) Jahon bankining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchi, Djonatan Seydan – Garvard universiteti ta’lim siyosati va dasturlarini baholash bo‘yicha (PhD) o‘z treninglari bilan ishtirok etishdi. Unda tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tashkilot direktori, ota-onalardan so‘rovnomalar olish hamda guruhni kuzatish orqali baholash bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, trening ishtirokchilari seminar-treningda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash va tajriba oshirish maqsadida joriy yilning 29-mart hamda 1-2 aperel kunlari tushlik vaqtiga qadar Chilonzor tumanidagi 24-, 215-, 256-, 261-, 291-, 538-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amaliyot o‘tashdi. Seminar-treningni tamomlagan ma’lumotlarni yig‘uvchilar (hisobchilar), O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari, Maktabgacha ta’lim agentligining vakillari uchun yakuniy test sinovlari  tashkil etildi va natijalari bo‘yicha xalqaro sertifikatlar topshirildi. Ta’kidlab o‘tish joizki, hududlarda ma’lumot yig‘ish jarayoniga faqat sertifikatlangan mutaxassislar jalb qilinadi. 2024-yil 8-apreldan 3-mayga qadar hududlardagi 250 DMTTlarda ma’lumot yig‘ish jarayoni amalga oshirilishi rejalashtrilgan bo‘lib, reja-grafik ishlab chiqildi va mazkur grafik asosida hozirgi kunda tanlab olingan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida baholash ishlari o‘tkazilmoqda.   Ma’lumot uchun: MЕLQO nima? - Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro vosita. MELQO – mamlakat darajasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan (boshlang‘ich ta’limga o‘tishdan oldin) bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishga mo‘ljallangan vositadir. MELQO – ko‘plab mamlakatlarda sinovdan o‘tgan va milliy baholash tizimlarini rivojlantirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi. MELQO – bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) va ta’lim muhiti (MELE) ikki moduldan iborat bo‘lib, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha bolalarning rivojlanishi va ta’lim muhiti haqida to‘liq ma’lumot beradi. MODЕL moduli bolani bevosita kuzatish va ota-ona (uning o‘rnini bosuvchi shaxs) bilan suhbatlashish orqali erta ta’lim va rivojlanishning darajasini baholaydi. MELE moduli guruhda ta’lim muhitini kuzatish, pedagog va maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori bilan suhbatlar orqali baholanadi. MELQO baholash vositalari o‘z modullari (MODEL, MELE)  bilan O‘zbekiston Respublikasi Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishga qo‘yiladigan Davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilingan.    

Maktabgacha ta'lim agentligi
TILDA, FIKRDA, ISHDA BIRLIK

Muhtaram Prezidentimiz jaddid bobolarimizning ushbu g‘oyasini doimiy shiorimiz bo‘lib qolishi zarurligini ta’kidlagan edilar.  Darhaqiqat, qayerdaki til, fikr, ish birligi bo‘lsa, ya’nikim hamjihatlik bor joyda olg‘a siljish, rivojlanish bo‘ladi.    Bugun Yangi O‘zbekiston oldida turgan eng dolzarb vazifa – yosh avlod kamoloti yo‘lida qayg‘urish, pirovardida esa, mamlakat kelajagini yuksak darajalarda rivojlantirishdan iborat. Hech shubha yo‘qki, yoshlarni munosib vorislar etib tarbiyalashning eng maqbul yo‘li, bu – ma’naviyat, bu – ma’rifat yo‘lidir!   To‘raqo‘rg‘on tumanining “Yakkatom” mahallasida joylashgan 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan “Ma’naviyat fidoiylari” shiori ostidagi tadbir ana shu yuksak maqsadlar ro‘yobi yo‘lida tashkil etildi.    Aytish joizki, mazkur mahalla tuman hokimi sektori hisoblanadi. Umuman olganda esa, hokim sektori hududida 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bor.       O‘tkazilgan tadbirga ana shu tashkilotlarning direktorlari, metodistlari taklif etildi. Unda so‘zga chiqqan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sho‘ba rahari Muhabbat Karimovaga ko‘ra:    – Biz maktabgacha ta’lim yoshidagi farzandalarimizni, ayniqsa, tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarini maktabga sifatli tayyorlay olyapmizmi? Ularga qanday ta’lim, qanday tarbiya beryapmiz? Zamon bilan hamnafas qadam tashlayapmizmi? Farzandlarimizdagi tug‘ma qobiliyatlarni o‘stirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Ularni yaqin va uzoq tariximiz bilan kengroq tanishtirish, ulug‘ siymolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni farzandlarimizga ko‘proq singdirish uchun tarbiyachilarimizning o‘zlari qanday bilim va salohiyatga ega bo‘lishi lozim. Bugungi tadbir orqali shu kabi savollarga javob topish bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, – deydi u.  Shubha yo‘qki, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim ham son, ham sifat jihatdan o‘zgardi. Buning birgina misoli – mazkur tashkilot. Uning mana bu muhtasham binosi 2022-yilda davlat-investitsiya dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan edi. Endilikda bu yerda 6 ta guruh kesimida qamrab olingan 140 nafar 3 – 7 yoshli bola, zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 11 nafar pedagog ta’limning “Ilk qadam” bosqichi sabog‘ini bermoqda.  Darhaqiqat, mazkur tadbirda o‘zbek xalqining buyuk siymolari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirildi. Ular ijodidan she’r va qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, tashkilotlarning musiqa rahbarlari hamjihatligida taqdim etilgan ma’naviy-ma’rifiy, ko‘rgazmali va badiiy chiqishlar, ular tomonidan xalq ertaklari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ko‘pchilikda juda katta taassurot qoldirdi.  Eng muhimi, tadbir davomida yosh iqtidorlar kashf etildi. Masalan, ushbu ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Otabek Abdulhamidov yaqinda 6 yoshga to‘ladi. U hali bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay shahmat donalari ustida kattalar bilan ham bemalol bellasha olishini amalda ko‘rsatib berdi.     Tadbir davomida yana bir iqtidor egasi – Dildora Yo‘ldashaliyeva ijro etgan raqslar barchani lol qoldirdi. U ayni paytda hokim sektori hududida joylashgan 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “G‘unchaoy” nomli tayyorlov guruhida tarbiyalanar ekan. Eng qizig‘i, endigina 6 yoshni qarshilayotgan bu qizaloq tumanning “Mozorko‘hna”  mahallasida yashovchi tadbirkor oilada tavallud topganiga qaramay, uning beg‘ubor qalbida halitdan san’atga bo‘lgan oshnolik, mehr va ishtiyoq barchani lol qoldirdi. Boz ustiga, oftobday charaqlab turgan bu qizchaning guruhdosh o‘rtoqlari Mushtariy Jo‘raboyeva, Ziyoda Solijonova, Mubina Ibrohimova, Zilola Ma’rufjonovalar ham raqs bobida ilk qadamlarini Dildora bilan yelkadoshlikda tashlashmoqda.  Tadbir davomida o‘tkazilgan ochiq mashg‘ulot va shuningdek, musiqiy rahbarlar jo‘rligidagi jonli konsert ishtirokchilar davrasiga ko‘tarinki zavq va shukuh baxsh etdi.

Вид сайта
Размер шрифта